Hasanjon Quva tumanida tugʻi­lib oʻsgan boʻlsa, Mohigul Far­gʻona shahrida kamolga yetgan. Ikkovi ham 1987-yilda tugʻilgan. Shunisi quvonarliki, ular ichki ishlar organlariga qabul qilingan vaqtda bir-biriga koʻngil qoʻyib, 2012-yilda oila qurishgan.

Mustaqilligimizning 34 yillik shodiyonalari ushbu oilaga qoʻshaloq bayram shukuhini olib keldi. Bayram arafasida Prezidentimizning tegishli farmoniga asosan, safdor Mohigul Siddiqova «Jasorat» medali bilan taqdirlandi. Bu yutuq nafaqat ularning xonadoniga, balki hamkasblariga ham cheksiz quvonch baxsh etdi. Mohigulning telefoni tinmadi, tabriklar ustiga tabriklar yogʻildi.

– Rosti, bunday yuksak mukofotni sira kutmagandim, – deydi lavhamiz qahramoni kamtarona kulimsirab. – 16 yildan buyon shu tizimda, aynan patrul-post xizmatida erkaklar bilan yelkama-yelka turib xizmat qilyapman. Yaxshiyamki, baxtimga turmush oʻrtogʻim ham shu soha xodimi. Doim meni tushunishga harakat qiladi, ogʻir paytlarda qoʻllab-quvvatlaydi. Davlatimiz rahbarining farmonida ism-sharifimni koʻrib, koʻzlarimga sevinch yoshi keldi... 

Safdor Mohigul Siddiqova viloyat IIB Birinchi mintaqaviy hudud saf boʻlinmalari patrul-post xizmati otryadining 3-guruhida inspektor lavozimida namunali xizmat qilib, Fargʻona shahrida jamoat tartibini taʼminlashda namuna koʻrsatib kelyapti. Masalan, joriy yilning oʻtgan davrida 66 nafar maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxsni aniqlab, ularga nisbatan bayonnomalar rasmiylashtirdi, 

8 nafar yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni, 32 nafar nazoratsiz qolgan voyaga yetmaganni va 

24 nafar mast holatdagi shaxsni aniqlab, ularga nisbatan belgilangan tartibda hujjatlar rasmiylashtirdi va sodir etilishi mumkin boʻlgan jinoyatlarning oldini oldi. Sohaviy xizmat xodimlari bilan hamkorlikda 5 ta jinoyatning «issiq izida» fosh etilishiga hissa qoʻshdi, 3 nafar qidiruvda yurgan shaxsni aniqlab, ularni ushlashga muvaffaq boʻldi.

Safdor M. Siddiqova oʻzining insoniy fazilatlari, kamtarligi bilan ham shaxsiy tarkib orasida munosib hurmatga ega. 

Ikki yurt posboni xizmatda yelkadosh, oilada qoʻshqanot boʻlib, uch nafar farzandni namunali xulq bilan tarbiyalashmoqda. Oʻgʻillari Behruzbek va Muhammadziyo sportga mehr qoʻyib, kelajakda ichki ishlar organi xodimi boʻlishni orzu qilishyapti. Qizaloqlari Dilnavozxon ham dadasi va onasining xizmat kiyimiga mehr bilan qarab, ularga munosib izdosh boʻlishni niyat qiladi.

Inson qaysi sohada ishlamasin, oʻz kasbini sevsa, fidoyilik bilan mehnat qilsa, albatta, qadr topadi. Buni erkaklar bilan bir safda turib, tunni tongga ulab, mardonavor xizmat qilib kelayotgan, shu bilan birga, mustahkam oila qoʻrgʻonini bunyod etgan safdor Mogihul Siddiqova misolida koʻrish mumkin.

Abduvosit SIDIQOV,

oʻz muxbirimiz.

Fargʻona viloyati.