Har bir xalqni jahonga tanitadigan ulugʻ farzandlari boʻladi. Goʻzal va betakror yurtimizning qadimdan dunyo tamadduniga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk zotlarga beshik boʻlgani qalblarimizda cheksiz faxr-iftixor tuygʻularini uygʻotadi. Butun umri davomida sermahsul ijod qilib, koʻplab asarlar yozib qoldirgan, moturidiya taʼlimotining asoschisi, fiqh olimi Imom Abu Mansur Moturidiy ana shunday ulugʻ ajdodlarimizdan biridir. Uning asarlari insonlarni maʼrifatga, ezgulikka undash, shuningdek, yoshlarning barkamol inson boʻlib voyaga yetishida katta ahamiyaga ega.

Toʻliq ismi Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud al-Hanafiy al-Moturidiy as-Samarqandiy boʻlgan buyuk alloma milodiy 870 yilda Samarqandning Moturid qishlogʻida tugʻilib, umrining oxirigacha shu yerda yashagan. Uning tugʻilgan va vafot etgan sanalari haqida turli manbalarda turlicha maʼlumotlar berilgan. Vafotidan soʻng Samarqanddagi Chokardiza qabristoniga dafn etilgan.

Imom Moturidiy dastlabki taʼlimni oʻz otasi Muhammad ibn Mahmuddan, soʻngra oʻsha davrda boshlangʻich maktab hajmida bilim beruvchi Kuttobda oladi. Keyinchalik Movarounnahrning oʻsha davrdagi diniy va maʼrifiy markazi boʻlgan Samarqandda davom ettiradi. Baʼzi manbalarda uning Samarqanddagi «Iyoziy» madrasasida taʼlim olgani qayd etilgan.

Fiqh va kalom masalalari bilan qiziqib, hanafiy mazhabi olimlaridan dars olib oʻz bilimini oshirgan, koʻplab mashhur faqihlar va muhaddislar bilan muloqotda boʻlib munozaralar qilgan Moturidiydan bizga boy meros qolgan. Uning qalamiga mansub «Kitob at-tavhid», «Kitob al-maqomat», «Kaʼbiy zalolatlarining boshlanishini rad qilishga bagʻishlangan kitob», «Muʼtazila gʻavgʻolari va undan qoʻrqmaslik haqidagi kitob bayoni», «Qurʼon taʼvili kitobi» kabilar shular jumlasidandir. Shuningdek, olimning «Shariat asoslari», «Kitob al-jadal», «Dialektika haqida kitob», islom huquqshunosligiga oid «Usul kitobi» asari ham maʼlum.

Oʻz qarashlari va teran fikrlarini asarlarida aks ettirib, diniy ilmlar namoyandalari orasida ancha mashhur boʻlgan Moturidiy koʻplab shogirdlar yetishtirdi va ular oʻz ustozlarining taʼlimotini davom ettirishlari natijasida moturidiya taʼlimoti vujudga kelgan.

Moturidiya aqidasi Qurʼon, hadis va aql-idrok, mantiq hamda haqiqatga yaqin ekani bilan boshqa taʼlimotlardan ajralib turadi. Abu Mansur Moturidiy oʻz taʼlimoti bilan bogʻliq aksariyat fikrlarini «Kitob at-tavhid» asarida bayon etgan. Xususan, oʻzga toifadagi firqalarga qarshi shunday soʻzlarni aytadi: «Ular tafakkur va tadqiq bilan qarasalar edi, Alloh taolo ham bandalarini tafakkur va tadqiqot, ibrat va tajriba bilan ish qilishga buyurganini tushunar edilar, ibrat va tafakkur esa ilm manbalaridan biridir». Bu taʼlimot muʼtaziliylar kabi, faqat aqlga suyanish emas, balki naqldan ham qoʻshib foydalanishni zarur deb biladi. Aqida borasida qoʻshgan yana bir hissasi shuki, oʻsha davrlarda juda koʻplab firqalar eʼtiqod borasida oʻz fikrlari bilan musulmon ahlini turli yoʻllarga boshlagan. Moturidiy shunga chek qoʻyadi va bu oʻlkada yagona aqida tizimini oʻrnatadi. U barcha aqidalar orasidagi bahsli mavzularni har bir firqaga dalillar asosida isbotlab beradi. Natijada turli xildagi mayda oqimlar koʻpayishining oldi olinadi.

Imom Moturidiy oʻz hikmatlarida insonni ilm-maʼrifatli boʻlishga undaydi. Allomaning «Toʻgʻri yoʻlning kaliti ilmdir», «Qurolingni ilmdan yasa», degan pandu nasihatlari oradan necha asrlar oʻtsa-da, hamon oʻz dolzarbligini saqlab kelayotir. Yaʼni, agar ilm-maʼrifat qurol qilib olinsa, barcha munozara hatto jangu jadallar ham tinch yoʻl bilan oʻz yechimini topishini uqtiradi. Dinni oʻzicha talqin qilish, diniy bilimlari sayoz ayrim yoshlar kim qaysi tomonga sudrasa, oʻsha yoqqa qarab ketishi hamma zamonlarda ham boʻlgan. Ularga qarata alloma «Diningni ilm bilan asragin», deb nasihat qiladi. Bu yerda ilm deganda, faqat diniy ilmlar emas, balki dunyoviy ilmlar ham nazarda tutilganligini taʼkidlash lozim.

Tinchlik eng bebaho neʼmat. Bu tushunchaning naqadar ulugʻligi va zarurligini bugungi kunda butun dunyo xalqlari his etib turibdi, desak, mubolagʻa emas. Yosh avlodni mana shu bebaho neʼmatni asrash va uning qadriga yetishga undash ham davr talabidir. Imom Moturidiy «Tinch yashay desang, yomonlikdan yuz oʻgir», «Yurt obodligini tilasang, ochiqqoʻl boʻl», «Nifoq ilmsizlik belgisidir» va boshqa koʻplab oʻgitlari orqali tinchlikning qadriga yetishga, uni asrab-avaylashga odamlarni chaqiradi. Oʻz navbatida, bu hikmatlardan tegishli saboqlar olib, biz ham ona Vatanimizning yanada gullab yashnashi va tinchlik-osoyishtalik hukm surishiga munosib hissamizni qoʻshishimiz zarurligini aslo unutmasligimiz kerak.

Kamtarlik yuksak insoniy fazilat hisoblanib, u sohibini kamolotga erishishga va jamiyat oldida hurmat-eʼtibor qozonishga olib keladi. Insonlar, ayniqsa, yosh avlod bu fazilatga intilsa, har tomonlama barkamol boʻlishi, shubhasiz. Imom Moturidiyning «Birov maqtasa, kekkayma», «Oʻz aybingni koʻra bil», «Hurmat – boylikdan afzal», «Shuhratparast boʻlma», «Qalbingni hasad oʻti bilan kuydirma», «Oʻzingni maqtashdan tiyil», «Afv etmoqni hech kimdan darigʻ tutma», «Takabburlikni dev hisobla», «Hammadan yaxshi soʻz oʻrganishga intil», «Yaxshilik qilganingni aytib yuruvchi boʻlma», «Birovning hojatini chiqarishni buyuk ish deb bil» kabi oʻgitlariga amal qilish yoshlarning goʻzal xulq egasi boʻlishlarida muhim oʻrin tutadi.

Yoshlarni mard va dovyurak qilib tarbiyalash har doim eng asosiy vazifalardan biri. Chunki Vatanning shijoatli farzandlari tinchlik-osoyishtalikni taʼminlaydi, mamlakat sarhadlarini himoya qila oladi. Imom Moturidiyning «Dushmaning bilan inoqlashgan doʻstdan qoʻrq», «Intizomsiz lashkar – lashkar emas», «Oʻzingga hamjins va hammaslak doʻst tanla», «Hasadgoʻy doʻstdan parhez qil», «Sinalmagan odam bilan safarga chiqma», «Birovning moliga muhtoj ekansan, bilgilki, uning qulisan» kabi oʻgitlari har bir insonni loqaydlik, beparvolik, ikkiyuzlamachilik, qoʻrqoqlik singari salbiy illatlardan voz kechib, qatʼiyatli va shijoatli boʻlishga chaqiradi.

Moturidiy oʻz davrining islomiy ilmlari sohasida eng yetuk bilim egasi hisoblanib, musulmon dunyosi olimlari tomonidan tan olingan va hozirda ham turli diniy asarlarda zoʻr ehtirom bilan tilga olinadi. Buyuk bobokalonimizni ulugʻlab «Imom al-huda» va «Imom al-mutakallimin», «Hidoyat yoʻli imomi» va «Mutakallimlar imomi» kabi nomlar bilan ataganlari ham fikrimizning dalilidir.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, Abu Mansur Moturidiyning boy merosini oʻrganish ulugʻ allomaning muqaddas dinimiz musaffoligini himoya qilish yoʻlidagi kurashi, insoniy fazilatlarni ulugʻlab yashashga intilishdek olijanob gʻoyalarini asrab-avaylash demakdir.


Saodat JUMANOVA,

IIV Ixtisoslashtirilgan

maktab-internati 

katta oʻqituvchisi.