Yangi yil bayrami tobora yaqinlashgani sayin qalblar olam-olam quvonchga toʻlmoqda. Samarqand viloyati IIB otaligʻidagi 59-son Nurli maskan maktab internati oʻquvchilari uchun bayram tadbiri tashkil etildi. 

Ijtimoiy himoya bugun davlatimizda amalga oshirilayotgan insonparvar islohotlarning muhim yoʻnalishlaridan biridir. Zero, oʻzgalar yordamiga muhtojlarni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash azaliy qadriyatlarimizdan hisoblanadi. Bu jihatlar bugun oʻtkazilayotgan bayram tadbirida yana bir bor oʻz ifodasini topmoqda. 

Musiqa sadolari ostida bayramga kirib kelgan oʻgʻil-qizlarning quvonchi cheksiz boʻldi.

Tantanali tadbirda viloyat IIB boshligʻi oʻrinbosarlari ishtirok etib, barcha bolajonlarni yangi yil ayyomi bilan qutlashdi. Ushbu tadbir maktab-internat oʻqituvchi va oʻquvchilari uchun qutlugʻ ayyomga munosib sovgʻa boʻldi. 

Bayramona bezatilgan dasturxon atrofida yaxshi niyatlar qilib, shu ulugʻ yurtda yashayotganligiga yana bir karra shukrona keltirishdi.

Qorbobo, qorqiz va boshqa ertak qahramonlari bolajonlar quvonchiga-quvonch qoʻshdi. Shundan soʻng kichkintoylarga ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan bayram sovgʻalari ulashildi. Bolajonlar ham ijro etilgan kuy-qoʻshiqlarga joʻr boʻlib, ularning oʻzlari ham ashulalar xirgoyi qilishdi. Bir piyola choy ustida olib borilgan suhbatlarda vatan va yurt tuygʻulari ulugʻlandi. Bolajonlarning hayotga boʻlgan mehru muhabbati yana bir karra oshib, ular chin maʼnoda oʻzlarini baxtli inson sifatida his etishdi. Koʻngillardagi gʻuborlar, dillardagi horgʻinlik batamom yuvilib, ularning qalblarida begʻuborlik tuygʻulari mavj urdi.

Mazkur ezgu va xayrli tadbirlar tub zamirida inson qadri, uning manfaatlari singari oliy maqsadlar mujassam.

Yangi yil bayramiga bagʻishlangan tadbirlar yurtimiz uzra davom etmoqda.