Yaqinda Buxoro tumani “Rabotiqalmoq” mahallasida joylashgan eski ikki qavatli bino kapital taʼmirlanib, mahalla markazi va “Huquq-tartibot maskani” sifatida foydalanishga topshirildi. Mahallaning barcha aholi punktlari va qishloqlar markazlari, ovloq joylarida 40 tadan ortiq zamonaviy videokuzatuv kameralari oʻrnatilib, huquq-tartibot maskanida joylashgan profilaktika inspektorining xizmat xonasiga integratsiya qilingan. Qolaversa, “Rabotiqalmoq” MFYdagi uzoq yillardan buyon oʻz holiga tashlab qoʻyilgan 6 gektar maydondan iborat xiyobon hududida “Tadbirkorlar xiyoboni” ham barpo etildi. Bu xiyobondagi mahalla sport maktabining eski binolari ham zamon talablariga mos ravishda taʼmirlandi. Mahalla binosida shaxmat toʻgaragi tashkil etildi.

Hudud xiyobonida 80 kishini doimiy ish bilan taʼminlagan tikuv sexi yangidan barpo etildi. Unda daftarlarda boʻlgan 40 nafar yoshlar va xotin-qizlar bandligi taʼminlandi. Bundan tashqari, viloyat tadbirkorlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulot va koʻrsatilayotgan xizmatlarni targʻib qiluvchi “Koʻrgazma markazi”, shuningdek, “Xizmat koʻrsatish markazi”, “Tematik xiyoboncha”lar, “Oʻquv markazi”, “Nuroniylar maskani” “Book Cafe” va hammom ham barpo etildi. Davlat xususiy sherikchilik asosida esa 180 nafar bolalarni oʻz bagʻriga oluvchi zamonaviy bogʻcha qurilib, foydalanishga topshirildi. Xiyobonga olib boruvchi 4,7 km. yoʻlda bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.

Ushbu Markazning tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi Botir Zaripov hamda sektor rahbarlari, boshqa mutasaddi idoralar masʼul rahbarlari, mahalla faollari va keng jamoatchilik ishtirok etishdi. Binoda mahalla fuqarolar yigʻining oʻziga xos anʼana va qadriyatlari, turmush tarzini oʻrganish, targʻib etish va kelgusi avlodlarga yetkazish maqsadida ilk marotaba nodavlat koʻrinishida “Buxoro tumani madaniyat tarixi muzeyi” tashkil etilib, Adliya vazirligi roʻyxatidan oʻtkazildi.

Qisqasi, aholiga yangi yil arafasida foydalanishga topshirilgan mahalla va uning tarkibidagi huquq-tartibot maskani binosi fuqarolarning ogʻirini yengil qiladigan himoya qoʻrgʻoni boʻldi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

Sh.JALOLOV,

 podpolkovnik.

M.AHADOV,

“Postda” muxbiri.

Buxoro viloyati.