U oilalarda uchraydigan zoʻravonlikka qarshi kurashib, ayollar huquqlarini himoya qilishga, qizlarning kasb-hunar egallashi uchun zarur shart-sharoitlar yarati­lishi borasida doimo jon kuydiradi. Oilalar tinchligini taʼminlash, xotin-qizlar murojaatlarini oʻrganib chiqish va muammosini hal etish, ajrimlarning oldini olish uchun jonhalak. Biror oilada nizo chiqsa, darhol yetib boradi. Oila aʼzolarini murosaga keltirib, yarashtiradi. 

– Adashgan qizning qalbiga yoʻl topib, hayot yoʻlini tanlashida toʻgʻri yoʻl koʻrsatsam, bir yolgʻiz onaga hujjat masalasida yordam bersam-u, uning ishi hal boʻlsa, bir ishsizga ish topib bersam-u, uning roʻzgʻoriga baraka kirsa yoki bir oilaning yarashib ketishiga sababchi boʻlsam oʻsha kun mendan baxtli ayol yoʻq, – deydi kapitan Nilufar Mamadisayeva. – Har kuni turfa taqdirlar bilan yuzma-yuz boʻlaman. Baʼzilari haq-huquqini bilmaganidan hayotda qiynalgan, ish izlab turli joylarda sargʻaygan, qaynona yoki turmush oʻrtogʻidan tazyiq koʻrgan, mushkuliga chora izlagan mushtipar ayollar. Shunda ham ular sabrga suyanib yashaydi. Oxiri sabr kosasi toʻlgach, najot istab bizga murojaat qiladi. 

Murojaatlar mahalla faollari, nuroniylar, tegishli tashkilotlar bilan birgalikda oʻrganilib profilaktik, psixologik, tarbiyaviy suhbatlar oʻtkazilmoqda. Natijalar esa ijobiy. Nizolar barham topib, oilalarda tinchlik shamoli esmoqda. Lavhamiz qahramoni nazoratidagi har bir xonadonga kirib, oila aʼzolari bilan suhbatlashib, vaziyatni nazorat qilib turadi. Oilaviy muhitga qarab ularni roʻyxatdan chiqaradi yoki huquqiy, ijtimoiy va boshqa yordam boʻyicha tegishli idoralarga murojaat qiladi. 

– Har qanday oiladagi muhitni avvalo ayolning chehrasi gapiradi. Bolalarning oʻyin-kulgusi jarang­lagan uyda tinchlik va xotirjamlik bor. Unda kamolga yetayotgan oʻgʻil-qizlar yuzida baxtiyorlik aks etadi, – deydi qahramonimiz. 

Nilufar kunlik xizmatdan soʻng oilasiga oshiqadi. U turmush oʻrtogʻi Ikromjon bilan 2 nafar oʻgʻilni tarbiyalashmoqda. Farzandlarining bilimli, komil insonlar boʻlib ulgʻayishi yoʻlida oʻzi ham muntazam oʻqib, izlanadi. Chunki ota-ona oʻqimishli, ziyoli boʻlsa oilada xotirjamlik boʻladi degan soʻz juftlikning oltin qoidasiga aylangan. 

Umida 

MAMADALIYEVA,

oʻz muxbirimiz.

Samarqand viloyati.