Buxoro viloyati IIB JXX JTSB Kinologiya boʻlinmasi xodimlari oʻzlariga biriktirilgan xizmat itlari yordamida yurtimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligini taʼminlash, jinoyatlarni «issiq izida» fosh qilishda ibratli ishlarni amalga oshirib kelmoqda.
Soha vakillari tomonidan joriy yilning oʻtgan davrida toʻrt oyoqli koʻmakchilar ishtirokida 13 ta jinoyat ochilishiga erishildi. Jumladan, 11 ta oʻgʻrilik, 2 ta giyohvandlik vositalari bilan bogʻliq jinoyat fosh etildi. Shu bilan birga, viloyat miqyosida oʻtkazilayotgan ommaviy va profilaktik tadbirlar chogʻida xavfsizlikni taʼminlashda ham kinologlar faol ishtirok etishyapti.
Shu yilning 10-yanvar kuni Romitan tumani IIB xodimlari tomonidan Gazli shaharchasida tezkor tadbir oʻtkazildi. Tadbirga Kinologiya boʻlinmasi 1-guruh kichik inspektor-kinologi, kichik serjant Bobir Shodiyev oʻziga biriktirilgan «Bond» laqabli xizmat iti bilan jalb qilindi. Mazkur tadbir davomida «Baynalmilal» mahallasi Istiqlol koʻchasida yashovchi X.R.ning uyi koʻzdan kechirilayotganda, xizmat iti bir nimanidir sezgandek boʻldi. Shunda kichik serjant B.Shodiyev sadoqatli koʻmakchisi boshlagan tomon yoʻnaldi. «Bond» yotoqxonadagi divan tomon qarab voviladi. Osoyishtalik posbonlari xolislar bilan divanni koʻzdan kechirishganda, bir dona gugurt qutisi ichidan quritilgan holdagi marixuana giyohvandlik vositasi aniqlandi.
Bundan tashqari, boʻlinma kinolog xodimlari respublika miqyosida oʻtkazilgan «Yoshlar orasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar tarqalishining oldini olish» oyligi tadbirlarida faol ishtirok etib, oʻrta taʼlim maktablari va oliy taʼlim muassasalariga 60 dan ziyod targʻibot ishlarini olib bordi. Tadbirlar chogʻida kinologlar xizmat itlari bilan koʻrgazmali chiqishlar ham qilishdi.
