Kun qahramoni


Yoʻllarda nogironlar yoki keksalarga yordam berayotgan ichki ishlar organlari xodimlariga koʻzingiz tushgan boʻlsa kerak. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda ham videolar, suratlar berilgan edi. Ana shunday insoniy fazilatlarga ega xodimlar orasida Surxondaryo viloyati IIB YHXB yoʻl-patrul xizmati inspektori, safdor Sanambonu Boymurotova ham bor. U yosh boʻlishiga qaramay, tez-tez shunday ezgulik patruli yoʻnalishida fuqarolarga beminnat yordam koʻrsatadi. 

Sanambonu 1995 yilda Termiz shahrida tugʻilgan. 2016 yildan Termiz tumani IIB huzuridagi qoʻriqlash boʻlimi safdor xodimi sifatida ishlay boshlagan. 2018 yilda esa hozirgi vazifasiga tayinlangan.

Ismi jismiga monand Sanambonu ancha qatʼiyatli va tartibni yaxshi koʻradigan qiz. Unga yumush topshirishdimi, koʻngildagidek qilib bajarmaguncha tinchimaydi. Oʻz ustida mudom ishlashni yoqtiradigan qahramonimiz rus va ingliz tillarida ham erkin soʻzlasha oladi.

Yoʻllarda harakat xavfsizligini taʼminlash, yoʻl-transport hodisalarining oldini olish borasida ham hamkasblariga oʻrnak boʻlmoqda. Tabiatan xushmuomala boʻlgan Sanambonu fuqarolarni jazolashdan koʻra, ularga qoidalarni buzish qanday ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini tushuntirish foydali, degan aqidaga amal qiladi.

Darvoqe, qahramonimiz oʻtgan yili Toshkent davlat texnika universitetining transport vositalari muhandisligi yoʻnalishiga oʻqishga kirdi. Hozirda ushbu dargohda sirtdan tahsil olmoqda.  

Safdor Sanambonu Boymurotova faolligi, tashabbuskorligi uchun Ichki ishlar vazirligining qoʻl soati bilan taqdirlangan. Ayni kunlarda esa u ayol haydovchilarni 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan tabriklash maqsadida Termiz shahridagi asosiy koʻchalarda oʻtkazilayotgan aksiyada faol ishtirok etmoqda. 


Feruza RAHMONQULOVA,

«Postda» muxbiri.

Surxondaryo viloyati.