Kechki payt choyxonadan qaytgan Xayrulla uyga kirishi bilan hayajondan halloslab, akasiga yuzlandi:
– Kimningdir molini oʻgʻri oʻmardi-yov, aka! Tez boʻling, izidan tushamiz.
– Nima? Qayerda koʻrding? – soʻradi akasi taajjublanib.
– Boya yonimdan oʻtib ketdi. Koʻprikka yetdi, menimcha.
– Tappa ushlamadingmi?
– Oʻgʻri ekaniga keyin fahmim yetdi...
Aka-uka vaqtni boy bermay, qorongʻida oʻgʻrining iziga tushishdi. Taʼqibni payqagan oʻgʻri molni tashlab, qorongʻilik qoʻyniga singib ketdi.
– E, Hazratqul akaning hoʻkizi-ku!
Mol egasiga qaytarildi. Hazratqul aka xursand boʻlib, aka-ukalarga rahmat aytarkan, qiziqsinib soʻradi:
– Inim, qorongʻida uning oʻgʻri ekanini qanday payqading?
Xayrulla jilmayib javob qaytardi:
– Yonimdan oʻtayotganida tomoq qirdim, salom bermadi. Keyin kela-kela yoʻlda nega salom bermaganini oʻyladim...
Feruza RAHMONQULOVA.
