Jizzax viloyatining Gʻallaorol tumani IIBda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 fevraldagi “Ichki ishlar organlari probatsiya xizmati faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi. IIV JXD probatsiya xizmati boshligʻi, polkovnik Bunyod Rajabov ishtirok etgan tadbirda jazoni ochiqda oʻtayotgan mahkumlarni ijtimoiy moslashtirish, kasb-hunarga oʻrgatish, davolash, huquqiy va psixologik yordam koʻrsatish hamda bandlikni taʼminlash borasida yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar tilga olinib, nuqsonlarni bartaraf etish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Soʻng Gʻallaorol tumani madaniyat markazida viloyatning barcha shahar va tumanlarida yashovchi, probatsiya xizmati nazorati ostida boʻlgan shaxslar uchun IIV JXD probatsiya xizmati mutasaddilarining sayyor qabuli oʻtkazildi. Muloqot davomida mahkumlar tomonidan tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish, jazo muddatini qisqartirish, diplom va haydovchilik guvohnomasi olish, davolanish, kredit va ijtimoiy koʻmak ajratilishi borasida murojaatlar qilindi.

Koʻtarilgan har bir masala yuzasidan masʼullar biriktirilib, hal qilish choralari koʻrildi. Tadbirda sud tomonidan belgilangan cheklovlarga qatʼiy amal qilayotgan munosib xulq atvordagi shaxslarga kitoblar jamlanmasi hamda maishiy elektrotexnika vositalari topshirildi. Tadbir doirasida boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi ham uyushtirildi.

Alijon ABDUSATTOROV,

“Postda” muxbiri.

Jizzax viloyati.