Xizmat vazifamiz taqozosi bilan taʼlim muassasalari, korxonalar, avtobekatlar yoʻl harakati qoidalarini targʻib qilish uchun uchrashuv­lar uyushtiramiz. Ana shunday uchrashuvlarda yoʻllarda qoidalarga qatʼiy rioya qilish zarurligi atroflicha tushuntiriladi. 

Aytaylik, soatiga 60 kilometr tezlik bilan harakatlanayotgan yengil avtomobil yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlganida bir necha kilotonna kuch bilan uriladi. Mana shunday oʻrtacha tezlikda ham toʻqnashuv natijasida piyodaga hayot uchun xavfli ogʻir tan jarohati yetkazilishi mumkin. Boshqa avtomobil bilan toʻqnashilgan holatda esa har ikkala transport vositasiga jiddiy zarar yetadi. Ana endi tezlik 100 kilometr soatda sodir boʻladigan avtohalokat oqibatini tasavvur qilave­ring. Targʻibot tadbirlarida mana shu fikrlarni, avtohalokatlarga oid koʻplab misollar keltirganimizdan keyingina ishtirokchilarning dunyoqarashi keskin oʻzgarganiga amin boʻlamiz. 

... Guliston shahar bosh avtobekati­da haydovchilar bilan uchrashuv qizgʻin kechdi. Kutilganidek, haydovchilarning taklif, savol va fikrlari koʻp boʻldi. Ularning shohbekatga yondosh yoʻlda toʻxtab turish taqiqlanganiga oid belgilarni kamaytirish yoki olib tashlash boʻyicha taklifi biz, inspektorlarda eʼtiroz tugʻdirdi. Chunki M-34 trassasida harakat doimo tigʻiz. Bu yoʻldan Toshkent, Termiz, Samarqand kabi yoʻnalishlarda avtomobillar harakatlanadi. Ayniqsa, yoʻlning Guliston shahrini kesib oʻtadigan qismi doim hushyorlikni talab qiladi. Agar haydovchilarning taklifi inobatga olinib, avtomobillarga toʻxtab turishga ruxsat berilsa, yoʻlda tirbandlik, betartiblik, qoidabuzarlik koʻpayadi. Bu yoʻl-transport hodisalari ehtimolini koʻpaytiradi. 

Hozirda koʻplab maktablarda yoʻl harakatiga oid maydonchalar barpo etilgan. Mazkur maydonchalar svetoforlar, yoʻl belgilari, piyodalar yoʻlagi, avtomobil yoʻllarining oʻziga xos mo­dellaridan iborat. Bu targʻibot tadbirlarini oʻyin, jamoaviy bahs koʻrinishida olib borish imkonini beradi. Natijada yoʻl harakati qoidalari, ularga rioya qilish zarurligi oʻquvchilarning ongida mustahkam oʻrnashib qoladi. 

Yaqinda ana shunday uchrashuv­lardan birini Guliston shahridagi 3-umumtaʼlim maktabida uyushtirdik. Dastavval sinflarda yoʻl harakati qoidalariga oid tushuntirishlar berdik. Keyin esa oʻquvchilar oʻrtasida «Quvnoq svetofor» tadbiri tashkil etildi. Bolalar yoʻl harakati qoidalariga oid bilimlarini sinovdan oʻtkazishdi. Tadbirda ularning xatti-harakatini bevosita YPX inspektorlari baholab borgani, xatolarini tushuntirib bergani ularda katta taassurot qoldirdi. 

Bir soʻz bilan aytganda, tar­gʻibot-tashviqot bilan fuqarolarning yoʻl harakati madaniyatini yuksaltirish muhim vazifalarimizdan biriga aylangan. Bu eng samarali va ishonchli vosita ekaniga ishonchimiz komil. 

Shavkat BOʻRONOV,

Sirdaryo viloyati IIB JXX YHXB YPX 3-safarbar guruhi katta inspektori, katta serjant.