Samarqand viloyatidagi mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash, jamoat xavfsizligi va fuqarolarimizning osoyishtaligini taʼminlash borasidagi ishlar “mahallabay” tizimi orqali tashkil qilinmoqda.

Joriy yilning 24 fevral kuni Samarqand viloyati IIB boshligʻi Payariq tumanidagi “Xoʻja Ismoil” mahalla fuqarolar yigʻini hududida joylashgan 18-sonli ichki ishlar boʻlinmasiga borib, shu hududda xizmat olib borayotgan xodimlar bilan suhbatlashdi, “mahallabay” tizim asosida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Ushbu boʻlinma 10 ta mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi 39 ming 855 nafar aholiga xizmat koʻrsatadi. Boshqarma boshligʻi boʻlinma binosini koʻzdan kechirib, xodimlar uchun munosib shart-sharoit yaratish yuzasidan tegishli sohaviy xizmat vakillariga topshiriqlar berdi. Boʻlinma boshligʻiga hududdagi kriminogen vaziyatni barqaror saqlash uchun nimalarga ahamiyat berishi, har bir fuqaroning muammosini chuqur oʻrganish lozimligi xususida oʻz tavsiyalarini berdi.

Shu kuni IIB boshligʻi hududda joylashgan tuman IIB boshligʻiga biriktirilgan 88-maktabga ham kirib, oʻquvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Maktab kutubxonasida kitob mutolaa qilish uchun sharoitning qoniqarsiz ahvoldaligi tanqid qilinib, masʼullarga buni yaxshilash, kutubxona fondini zaruriy adabiyotlar bilan boyitish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Oʻrganish ishlari davom etmoqda.

Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati