2021 yilning 23 fevral kuni “Zarbdor oyligi” tezkor-profilaktik tadbiri doirasida Ishtixon tumani hududida yashovchi 24 nafar jinoyat sodir etishga moyil boʻlgan gumondor shaxslarning yashash xonadonlarida tintuv-tergov harakatlari oʻtkazildi, deya xabar beradi Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati.

Olib borilgan tintuv-tergov harakatlari davomida tumanning Boytuvi mahallasida yashovchi, 1966 yilda tugʻilgan Q.B.ning yashash uyidagi daraxt shoxlari orasidan ogʻirligi 100 gramm boʻlgan marixuana giyohvandlik vositasi topilib, xolislar ishtirokida tegishli tartibda hujjatlashtirildi.

Bundan tashqari, tumanning Dehqonobod mahallasida yashovchi, 1965 yilda tugʻilgan M.X.ning yashash uyi va yordamchi hoʻjaliklarida oʻtkazilgan tintuv davomida, oshxonadagi oʻchoq ichidan va tovuqxonaning ustidan taxminiy ogʻirligi 1 kilogramm boʻlgan marixuana giyohvandlik vositasi topildi. Ashyoviy dalil xolislar ishtirokida hujjatlashtirildi.

Shuningdek, tumanning Chaqar qishlogʻida yashovchi, 1960 yilda tugʻilgan U.A.ning yashash manzili tintuv qilinganida, shkaf ichidagi kiyimlarining choʻntagidan taxminan 30 gramm marixuana giyohvandlik vositasi topilib, rasmiylashtirilib olindi.

Mazkur holatlar yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Zarbdor oyligi” doirasidagi tadbirlar davom etmoqda.

Postda.uz