Starshina Nurbek Ochilov harbiy xizmatdan qaytgan oʻgʻli Bahriddinga ichki ishlar organlariga ishga kirishni tavsiya qildi. U yigirma yildan beri shu tizimda ishlardi. Kasbining orqasidan farzandlarini hech kimdan kam qilmay voyaga yetkazdi.
Bahriddin hech oʻylab oʻtirmay, xizmatga kirish uchun ariza topshirdi va tez orada Yangier shahar IIB sanitariya guruhiga safdor xodim etib tayinlandi.
1976-yil Bahriddinni serjantlar tayyorlash maktabiga yuborishdi. Uch yil talabalikning qattiq nonini yeyishga majbur boʻldi.
1979-yilda Xovos shaharchasining profilaktika inspektori lavozimida xizmatni davom ettirdi. Mayor Umar Sayidaliyev, kapitan Qahhor Xolmatovlar unga ustozlik qilishdi. Oʻsha paytlarda Xovos Oʻzbekistonning chorraha shaharlaridan biriga aylangandi. Shahar vokzaliga kunu tun Moskva, Novosibirsk, Ashxobod, Bishkek, Baku, Qozon kabi oʻnlab shaharlardan poezdlar kelib toʻxtar, yoʻlovchilar shu yerda boradigan manziliga qarab poezdlarini almashib olishar, bahonada shahar bilan tanishishar edi. Shu bois shahardagi osoyishtalikni taʼminlash jiddiy masʼuliyat talab etardi.
Vokzalga tutash mavzeda turli respublikalardan kelib qolgan aholi istiqomat qilar, ularning koʻpchiligini moldovanlar tashkil etardi. Ichkilikbozlik, oʻgʻrilik odatiy holga aylangandi. Ana shunday kunlarda Nikolay Budeev qotilligi sodir boʻldi.
Vokzal yaqinidagi xonadonlardan birida aysh-ishrat avj oladi. Ichkilikning keti uzilmaydi. Qoʻshnilarnikiga mehmon boʻlib kelgan Nikolay Budeev mast holda janjal boshlaydi. Pul talashib boshlangan oʻzaro tortishuv katta mojaroga aylanadi. Sherga aylangan Nikolay birdaniga uch nafar shaxsni pichoqlaydi. Hozirgina u bilan bir dasturxon atrofida oʻtirgan keksa onaxon, uning kelini, sakkiz yoshli qizaloq qotillik qurboniga aylanadi. Qotil ularni oʻldirgach, 80 soʻm miqdoridagi pulni olib, kvartiradan chiqib ketadi.
Voqea joyiga yetib borgan Bahriddin vaziyatni qoʻlga oladi. Ekspertlar, tezkor vakillar bilan birgalikda qotilni izlashga tushadi. Qoʻshnilar qotilning taxminiy koʻrinishini aytishganida, Bahriddinning oldida topish qiyin boʻlgan jumboq paydo boʻladi. Rus millatiga mansub odamlar har qadamda boʻlsa. U shu mavzedagi oʻnga yaqin gumon qilinuvchilarni surishtira boshlaydi. Nihoyat, Budeev aynan ulardan birining uyida mast holda yotgani aniqlanadi. Oradan ikki-uch soat oʻtmay, qotil qoʻlga olinadi.
Keyinchalik Bahriddin Ochilov xizmatni Yangier shahar IIB Jinoyat qidiruv boʻlimida tezkor vakil lavozimida davom ettirdi.
Oʻnlab shogirdlar tarbiyaladi. Ular orasida kapitan Arsen Kritchyan, mayor Hazrat Muhammedovlarni alohida faxr bilan tilga oladi.
24 yildan beri pensiyada boʻlgan mayor Bahriddin Ochilov Yangier shahrida istiqomat qilib, koʻproq vaqtini dala hovlisida oʻtkazadi. Yaxshigina tadbirkor ham. Ellikdan ortiq parrandasi, yigirmadan ortiq qoʻy-qoʻzisi bor. Turmush oʻrtogʻi bilan toʻrt farzandni voyaga yetkazishdi. Uch oʻgʻli va bir qizi ham tadbirkorlik yoʻlidan ketgan. Eng muhimi, oʻtgan umridan rozi. Kechqurun xonadoniga qaytganida, nabiralari unga peshvoz chiqadi. Bahriddin aka buni oʻziga berilgan eng ulugʻ neʼmat sifatida qadrlaydi.
Abdurahmon MUSTAFOQULOV,
«Postda» muxbiri.
Sirdaryo viloyati.
