Oʻsha kuni ham allamahalda mehmonga kelgan akasi Nodirning mashinasida sayr qilgisi kelib qoldi. Kamiga, qoʻshnisi Bahromni ham sherik qildi. Ikkovlon, oʻzlari­ning tili bilan aytganda, «toychoqning uchishiga mast boʻlib», yarim tunda koʻcha kezdi. Bu xurmacha qiliq ortidan «tayoq» nafaqat unga, balki ukasining aybini yashirishga uringan Nodirga ham tegdi.

– 2024-yil 7-yanvar kuni soat taxminan 22 larda xizmat hududim boʻlgan «Rajabamin» MFYning «Chumchuqli» mahallasida tungi xizmat olib borayotgan vaqtimda yoʻl chetida turgan «Nexia-2» rusumli avtomashinasidagi yigit­larning harakatlari shubhali koʻrindi. Shu sababli, ularning oldiga bordim, – deydi Samarqand tumani IIB JXX HPB profilaktika ins­pektori, leytenant Jahongir Toirov. – Haydovchidan shaxsini tasdiqlovchi hamda avtomashina hujjatlarini va nima maqsadda yurganligini soʻradim. U yonida hech qanday hujjatlari yoʻqligini, avtomashinani hujjatlarsiz boshqargani, oʻz ishlari bilan yurganligini maʼlum qildi. Shundan keyin avtomashinani «Chumchuqli» mahallasidagi jarima maydoniga joylashtirib, uning shaxsiga oydinlik kiritdim.

Ertasiga soat 15:00larda leytenant J. Toirov oʻziga biriktirilgan hududda xizmat olib borayotgan vaqtida uning oldiga oʻzini Vohidjonning akasiman, deb tanishtirgan Nodir kelib, ukasiga nisbatan chora koʻrmaslik, toʻplangan hujjatlarni YHXBga oʻtkaz­maslik hamda avtomashinasini jarima maydonidan chiqarib berish evaziga bir million soʻm miqdoridagi pullarni pora sifatida taklif qiladi. 

Oʻtkazilgan tezkor tadbir natijasida huquqbuzarlikka qoʻl urgan Nodir vaʼda qilgan pullarini berayotgan vaqtida qoʻlga olindi. 

– Sohada oʻrganadigan bilim va koʻnikmalarim koʻp, – deydi J. Toirov. – Xiz­matda ustozlarim profilaktika inspektorlari ka­pitan Munis Alimamajo­nov, katta leytenant Man­sur Homidovdan tizimning oʻziga xos tomonlarini oʻzlashtirishga harakat qilaman. Otam, isteʼfodagi katta serjant Damir Isroilov ham uzoq yillar ichki ishlar organlarida samarali mehnat qilgan. U egnimga ilk bor xizmat libosini kiyganimda, «Bu kiyimning masʼuliyatini anglab, fidoyi­lik, jonkuyarlik, sof vijdon va halollik bilan xizmat qilsang, u senga sharaf keltiradi. Bu mening senga ham otalik, ham shu sohada ishlagan bir inson sifatidagi maslahatim», degan. Niyatim shu sohada ibratli xizmat qilib, xalqimga, yurtimga munosib farzand boʻlish, otam va ustozlarim ishonchini oqlash. 

Oramizda yoshlik shijoatiga toʻla qalbida kasbiga muhabbati, sadoqati bilan nurli istiqbol sari dadil odimlayotgan leytenant Jahongir Toirov kabi xodimlar bor ekan, har bir noqonuniy harakatga huquqiy baho berilishiga ishonchimiz komil.

Gulnoza TURGʻUNBOYEVA,

oʻz muxbirimiz. 

Samarqand viloyati.