Sayoq yursang, tayoq yeysan degan gap bejiz aytilmagan. Davronbek (ismlar oʻzgartirildi) Chilonzor metro bekati yaqinida tuni bilan sangʻib yuradigan odat chiqargan edi. Kunlarning birida u bir-ikki chogʻli oʻziga oʻxshagan yigitlar bilan oʻzaro tortishib qoladi. Shunda Nodir va Rashid ismli yigitlar uning tarafini oladi. Shu-shu ular doʻstlashib qolishadi.
Shundan soʻng ular bilan har kuni koʻrishib, gaplashib yurishar edi. Lekin bu ulfatchilik oxiri voy boʻldi. Ular oʻzaro til biriktirib, “Milliy bogʻ”da ketayotgan shaxsni aldab, unga tegishli boʻlgan “Iphone” rusumli telefonidan gaplashib turish maqsadida olib, unga qaytarib bermasdan olib qochib ketgan. Keyin oʻquv markazlarning birining eshigi ochiq qolganligidan foydalanib, “Redmi 5” rusumli telefon apparatini gumdon qilishgan. Nihoyat Yunusobod tumanidagi avtomobillar yuvish shoxobchasiga yashirin ravishda kirib, u yerdagi ishchilarning pullarini hamda ikki dona uyali aloqa telefonlarini oʻgʻirlab qochib qolishgan.
“Shovvoz”lar ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qoʻlga olinib, qonun hukmiga topshirilgan.
Nilufar JANIYEVA,
Yunusobod tumani IIOFMB huzuridagi
Tergov boʻlimi tergovchisi, mayor.
Toshkent shahri.
