Leytenant Botirjon Samiyev Samarqandning tarixiy obidalari atrofida xizmat qilayotgan paytlarida uning hushyorligi va masʼuliyati yaqqol namoyon boʻladi. Hamkasblari uni kamtar, shu bilan birga, talabchan xodim sifatida qadrlashadi. Uning muomalasida odob, fuqarolarga munosabatida esa hurmat mujassam. 


– Tinchlik – eng ulugʻ neʼmat, uni asrash esa har birimiz uchun sharaf, – deydi leytenant B. Samiyev. – Rossiya Federatsiyasidan kelgan sayyoh oilasi bilan muqaddas majmuani ziyorat qilib yurgan vaqtda ular­ning kichik farzandi odamlar orasida adashib qoldi. Bu holatdan qattiq xavotirga tushgan ota-ona yordam soʻrab menga murojaat qilish­di. Vaziyatni tezkorlik bilan oʻrganib, atrofdagi kuzatuv kameralari orqali bolani izlashga tushdik. Oradan koʻp vaqt oʻtmay, bolakay majmua hovlisidagi kabutarlarni tomosha qilib yurgan joyida topildi. Uni sogʻ-salomat ota-onasi bagʻriga qaytarganimizda, onasi quvonchdan koʻziga yosh oldi va bizga cheksiz minnatdorlik bildirdi. Eng taʼsirli jihati esa bolakayning ota-onasiga qarab: «Men ham katta boʻlsam, politsiya xodimi boʻlaman», – de­gani boʻldi. Bu soʻzlar men va hamkasblarim uchun xizmatimizning eng katta maʼnaviy mukofotiga aylandi. 


Tinchlik va osoyishtalikni asrash faqat qonun kuchi bilan emas, balki mehr, masʼuliyat va insoniylik bilan amalga oshadi. Leytenant Samiyev xizmatda hamisha ana shu masʼuliyatni chuqur his etgan holda faoliyat yuritadi.

Har bir sayyohning yurtimiz haqidagi ilk taassuroti, har bir insonning oʻzini xavfsiz his qilishi ana shunday fidoyi xodimlarning mehnati bilan bogʻliq. Baʼzan bir ogʻiz shirin soʻz, oʻz vaqtida koʻrsatilgan yordam yoki oddiy eʼtibor ham inson qalbida umrbod saqlanadigan goʻzal xotiraga aylanadi.


Lavhamiz qahramoni xizmatdan tashqari vaqtlarda kitob mutolaasi, sport va oila davrasiga alohida eʼtibor qaratadi. Bu esa uning hayotga boʻlgan teran munosabatini koʻrsatadi. Vatanga muhabbat va kasbga fidoyilik uning bosh hayotiy tamoyiliga aylangan. Xizmat faoliyati shahardagi qaysi bir tarixiy obida hududida kechmasin, u oʻziga savol bergan xorijiy sayyohlarga tarixiy yodgorliklar, muqad­das majmualar haqida maroq bilan gapirib beradi. Buning uchun tinimsiz tarixni oʻrganadi. Chunki har bir aytilgan maʼlumot sayyohlarning yurtimiz haqidagi taassurotlarini shakl­lantirishini yaxshi ang­laydi.


Umida MAMADALIYEVA,

oʻz muxbirimiz.

Samarqand viloyati.