Xorazm viloyati IIB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi rahbariyati tomonidan shaxsiy tarkibning kasbiy mahorati hamda jangovar shayligini oshirish bilan bir qatorda sayyohlarga tez tibbiy yordam koʻrsatish koʻnikmasini shakllantirishga ham alohida eʼtibor berilmoqda. 

Joriy yilning 8–19 fevral kunlari Respublika oʻrta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari malakasini oshirish va ixtisoslashtirish markazi Urganch filiali mutaxassislari tomonidan boshqarma xodimlarining birinchi tez tibbiy yordam koʻrsatish malakasini oshirish boʻyicha oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazildi. Bunda oʻquv kursi tinglovchilari xizmat faoliyati davomida vujudga keladigan koʻplab favqulodda vaziyatlarga yechim topishdi. Mashgʻulotlar davomida har bir xodimning ushbu soha boʻyicha egallagan bilim va koʻnikmalari tajribali mutaxassislar tomonidan baholab borildi.

– Oʻtgan ikki yil davomida xodimlarimizga chet el va mahalliy sayyohlar tomonidan tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha 350 ga yaqin murojaat kelib tushgan, – deydi viloyat IIB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari, podpolkovnik Marat Xudoyberganov. – Ushbu raqamlardan koʻrinib turibdiki, xodimlarimiz birinchi tibbiy yordam koʻrsatish borasida ham yetarli bilim va tajribaga ega boʻlishlari lozim. Ushbu oʻquv mashgʻulotlari yurtimizga tashrif buyurayotgan sayyohlar salomatligini muhofaza qilishda muhim ahamiyatga egadir. 

Oʻquv mashgʻulotlarini muvaffaqiyatli tamomlagan xodimlarga viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasining sertifikatlari topshirildi.

Xudoybergan JABBOROV,

“Postda” muxbiri.

Xorazm viloyati.