Xizmatlarda
Yurtimiz boy tarixiy merosi, ayniqsa, betakror va muhtasham meʼmoriy obidalari, asori atiqalar bilan dunyo xalqlarini oʻziga jalb etib keladi. Necha-necha asrlardan buyon qad rostlab turgan bu obidalar hali-hamon oʻz jozibasini yoʻqotmagan. Bundan koʻrinadiki, ajdodlarimiz aql-zakovatda tengsiz boʻlishgan. Zero, sohibqiron bobomiz Amir Temur «Kim qudratimizga shubha qilsa, biz qurgan imoratlarga boqsin», deya bejiz taʼkidlamagan.
Yurtimiz boy tarixiy merosi, ayniqsa, betakror va muhtasham meʼmoriy obidalari, asori atiqalar bilan dunyo xalqlarini oʻziga jalb etib keladi. Necha-necha asrlardan buyon qad rostlab turgan bu obidalar hali-hamon oʻz jozibasini yoʻqotmagan. Bundan koʻrinadiki, ajdodlarimiz aql-zakovatda tengsiz boʻlishgan. Zero, sohibqiron bobomiz Amir Temur «Kim qudratimizga shubha qilsa, biz qurgan imoratlarga boqsin», deya bejiz taʼkidlamagan.
Qashqadaryo viloyatida 1473 ta turizm obʼekti mavjud. Muzeylar, ziyorat turizmi obʼektlari, arxeologiya, arxitektura, monumental sanʼat yodgorliklari, madaniy meros obʼektlari, eko-agroturizm kabi betakror obidalar shular jumlasidan. Ular orasida Shahrisabz shahrining Amir Temur xiyobonida joylashgan Oqsaroy majmuasi, Dor us-saodat, Dor ut-tilovat, Chubin madrasalari, Qarshi tumanida joylashgan Abul Muin an-Nasafiy, Kitob tumanidagi Hazrati Bashir va Xoʻja Emkanagiy majmualari, Kitob davlat geologik-paleontologik qoʻriqxonasi, Hisor qoʻriqxonasi hududida joylashgan Amir Temur gʻori hamda dinozavr izlari doimiy ravishda xorijiy va mahalliy sayyohlarni oʻziga jalb etib keladi.
Vohaga tashrif buyuradigan sayyohlar xavfsizligini taʼminlash, jamoat tartibini saqlash, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish viloyat IIB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasining malakali xodimlari zimmasiga yuklangan boʻlib, bu borada sohaviy xizmat vakillari bir qator ijobiy ishlarni amalga oshirib kelishmoqda. Sayyohlar uchun viloyatda jami 42 ta mehmonxona, 20 ta uy-mehmonxona va 5 ta xostel faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Ularning barchasi «Ye-mehmon» elektron tizimiga ulangan.
2020 yil va joriy yilning yanvar oyi mobaynida xodimlarimiz tomonidan 18 ta jinoyat aniqlandi. Shuningdek, muqaddam jinoyat sodir etib, qidiruvda boʻlgan 4 nafar shaxs ushlandi. Oʻtkazilgan profilaktik tadbirlar natijasida tashrif obʼektlari va ularga tutash hududlarda istiqomat qiluvchi 3 nafar fuqaro uyida noqonuniy saqlayotgan ov qurollarini oʻz ixtiyori bilan ichki ishlar organlariga topshirdi.
Eng muhimi, oʻtgan davrda xorijlik sayyohlarga nisbatan yoki ular tomonidan maʼmuriy huquqbuzarliklar va jinoyat bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar qayd etilmadi.
Xizmat faoliyati davomida turistlarga amaliy yordam koʻrsatish, ularning murojaatlarini tezkorlik bilan qabul qilish maqsadida Shahrisabz shahrining Amir Temur xiyoboni hududida 6 ta axborot shoxobchasi oʻrnatilib, ular mebellar, tez tibbiy yordam qutichasi, zaruriy maʼlumotlar aks etgan buklet, flayer va boshqa tanish belgilari bilan jihozlandi.
Shuningdek, IIV tomonidan viloyat IIB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasiga xizmatda foydalanish uchun yengil avtomobillar, avtobuslar ajratildi. Boshqarma ish faoliyatini innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarga asoslangan holda tashkillashtirish maqsadida yuqori oʻtuvchanlik qobiliyatga ega boʻlgan 4 ta segvey harakatlanish vositasi xarid qilinib, xizmatda foydalanib kelinmoqda. Shuningdek, viloyat hokimligi tomonidan homiylik asosida mamlakatimizda ishlab chiqarilgan 3 ta yengil avtomobil, 2 ta motosikl, 2 ta kvadrosikl xodimlar ixtiyoriga berildi. Bularning barchasi xizmat faoliyati samaradorligini oshirishda qoʻl kelmoqda.
Bir soʻz bilan aytganda, viloyat IIB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi xodimlari zimmasiga yuklangan vazifalarni sidqidildan bajarib, tarixiy obidalarga tashrif buyurayotgan xorijlik va mahalliy sayyohlar xavfsizligini ishonchli taʼminlashmoqda.
Nurbekxon EGAMNAZAROV,
mayor.
Qashqadaryo viloyati.
