Surxon vohasida turizmni rivojlantirish, turizm namoyishi obʼektlariga xorijlik sayyohlarni jalb etishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Binobarin, vohada turizm salohiyati, qolaversa, sayyohlar xavfsizligini taʼminlash uchun barcha kuch-vositalar yetarli.
Viloyat IIB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi viloyat hududidagi sayyohlik namoyishi obʼektlari, mehmonxonalar, chorrahalar, aeroport va vokzallardagi kuzatuv kameralari bilan integratsiya qilingan. Bu orqali turistlarning viloyat hududiga kirib kelishidan tortib qaysi mehmonxonaga joylashib, «E-mehmon» bazasidan roʻyxatdan oʻtishi, sayyohlik obʼektlariga xavfsiz borishi va qaytib chiqib ketishi nazorat qilib boriladi.
Sutkalik navbatchilik asosida xizmat olib borish davomida viloyatimizga tashrif buyurgan sayyohlar tomonidan kelib tushayotgan murojaatlar oʻz vaqtida qabul qilinib, tegishli yordam koʻrsatib kelinmoqda. Xususan, joriy yilning 8 oyida tashrif obʼektlarida xizmat olib borayotgan xodimlarimizga
3806 nafar xorijlik va mahalliy turistlar turli masalalarda yordam soʻrab murojaat qilgan. Ularning barchasiga zaruriy yordamlar koʻrsatilgan.
Boshqarmamiz xodimlari sayyohlar xavfsizligini taʼminlash bilan birga, viloyatda turizmni rivojlantirish, hududga sayyohlar oqimini koʻpaytirishga ham yaqindan koʻmaklashishmoqda. Shu maqsadda yaqinda hamkasblarimiz Xorazm, Buxoro, Toshkent va Samarqand viloyatlariga xizmat safarlarini uyushtirib, sayyohlar oʻrtasida targʻibot ishlarini olib borishdi. Jumladan, mazkur viloyatlardagi turizm namoyishi obʼektlarida Fransiya, Xitoy, Turkiya, Avstraliya, Braziliya, Latviya kabi bir qancha davlatlardan kelgan mingga yaqin xorijliklar bilan oʻtkazilgan suhbat jarayonlarida ularning aksariyati Surxondaryoning turizm salohiyati haqida yetarli maʼlumotga ega emasliklarini bildirishdi. Shu bois viloyatning milliy anʼanalari, turizm
obʼektlari va tarixiy qadamjolari haqida tayyorlangan videorolik namoyish qilinib, tashrif davomida ularning xavfsizligi taʼminlanishi, lozim boʻlganda, kerakli yordamlar koʻrsatilishi haqida batafsil maʼlumot berildi. Xavfsiz turizmni taʼminlash xizmati saytlari, turizm obʼektlari yoʻnalish xaritasi aks ettirilgan bukletlar tarqatildi.
Akbar MAVLONOV,
kapitan.
Surxondaryo viloyati.
