Kun qahramoni

Vatan oldidagi farzandlik burchini sadoqat va masʼuliyat bilan ado etayotgan mard va jasur oʻgʻlonlar bor ekan, yurtimiz taraqqiy topadi, mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalik hukm suradi. Serjant Haydar Yahyoyev ham ana shunday vatanparvar oʻgʻlonlardan biridir. 

U 1977 yilning 25 mart kuni Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida tugʻilgan. Yoshligidan akasi Alisherning harbiy kiyimda toza, ozoda yurishini, harbiycha intizom bilan qadam tashlashini, eng asosiysi, muomala madaniyati bilan koʻpchilikdan ajralib turishini har koʻrganda havasi ortgan Haydar “Katta boʻlsam, albatta, akamday harbiy boʻlaman, deya oʻz oldiga ezgu maqsad qoʻygan edi. 

“Yaxshi niyat – yarim davlat”, deganlaridek, Haydarning ham niyati pok ekan. U Vatan oldidagi yigitlik burchini Toshkent viloyatidagi harbiy qismlarning birida oʻtagach, Buxoro avtomobil va yoʻllar texnikumini bitirib, uch yil yoʻl qurilish tashkilotida ishladi. Baribir bolalikdagi orzusiga erishish maqsadida 2000 yil Qorovulbozor tumanida joylashgan IIV Qorovul qoʻshinlariga qarashli harbiy qismga hujjatlarini topshirdi va barcha sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtib, nazoratchi vazifasida xizmat faoliyatini boshladi. 

Mana, yigirma bir yildirki, serjant Haydar Yahyoyev 7536-harbiy qismning 3-batalonida turli lavozimlarda xizmat qilib kelyapti. Jangovar xizmatda ham, amaliy ishlarda ham boy tajribaga ega xodim texnik seksiya shaxsiy tarkibiga texnikaning sir-asrorlarini oʻrgatishda jonbozlik koʻrsatmoqda.

Birinchi darajali serjant H. Yahyoyev namunali xulqi, harbiy intizomi, jangovar shayligi hamda xizmat vazifalarini sidqidildan bajarganligi uchun “Oʻzdekiston Respulikasi mustaqilligiga 20 yil” va “Oʻzdekiston Respulikasi mustaqilligiga 25 yil” esdalik nishonlari, shuningdek, III darajali “Ichki ishlar organlarida benuqson xizmatlari uchun” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan. Bundan tashqari, Qorovul qoʻshinlari qoʻmondoni hamda harbiy qism komandiri tomonidan 95 marotaba ragʻbatlantirilgan. 

Turmush oʻrtogʻi Zulfiyaxon ham uning ortidan borib, harbiy sohani tanlagan. Shu bois har yerda unga maslakdosh, yelkadosh, oilada koʻmakchi boʻlib kelmoqda. Oʻz manfaatlaridan xalq manfaatlarini, yurt taqdirini ustun qoʻyishdek ezgu fazilatlarni oʻziga singdirib, xalqimizga, yurtimizga astoydil xizmat qilishga intilayotgan oddiy askar Zulfiya Sultonova ayni paytda batalonning shaxsiy tarkib bilan ishlash guruhi maʼsul ijrochisi vazifasini aʼlo darajada bajarmoqda.

Haqiqatan ham, bu oilaga havas qilsa arziydi. Zero, harbiy sohaga mehr qoʻyib, xizmatning sir-asrorlarini oʻrgatgan ustozlaridan hamisha minnatdor serjant Haydar Yahyoyev hamda oddiy askar Zulfiya Sultonova ona yurt tinchligi, fuqarolarning osuda va xotirjam hayot kechirishini taʼminlash yoʻlida xizmat qilishni hayotining mazmuniga aylantirishgan. 


Mirzoqul AHADOV, 

“Postda” muxbiri.

Buxoro viloyati.