Buxoro shahar IIOFMB bergan maʼlumotga koʻra, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti rektorining 2021-yil 4-dekabrdagi buyrugʻi bilan “S1” darajadagi IELTS sertifikati borligi bois xorijiy tillar kafedrasi oʻqituvchisi A.M. ismli ayolga oylik maoshiga qoʻshimcha 50 foiz ustama toʻlab kelingan. Ushbu sertifikatda A.M.ning emas, balki boshqa nomaʼlum shaxsning fotosurati mavjudligi sababli, uning haqqoniyligini tekshirish maqsadida Britaniya Kengashining Oʻzbekistondagi vakolatxonasiga soʻrov joʻnatilgan. Britaniya Kengashi vakolatxonasi direktorining 2022-yil 7-dekabrdagi tegishli xatida A.M.ga 2021-yil 8-aprelda, 003241-sonli sertifikat imtihonda qoida buzilishi, yaʼni nomzod oʻrniga boshqa shaxsning yordamidan foydalanganlik holati boʻyicha oʻtkazilgan tekshiruv natijasiga koʻra bekor qilinganligi koʻrsatilgan. Shuningdek, Kengash tekshiruv natijalariga koʻra A.M. ga 2023 yil 26 sentyabrga qadar IELTS imtihonlarini qayta topshirish taqiqlangan.
Institut taqdim qilgan maʼlumotga koʻra, 003241-sonli IELTS sertifikati asosida A.M.ga 2021-yilning dekabr oyidan 2022-yilning sentyabr oyiga qadar jami 33 million 276 ming soʻm qoʻshimcha ustama hisoblanib, toʻlab berilgan. Mazkur holat yuzasidan JKning 168-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati.
