Viloyat IIB hamda Shofirkon tumani IIB masʼullari bilan birgalikda “Doʻrmon” va Alishnr Navoiy nomli mahallada “Xonadonbay” tizimi asosida aholi orasida “Xavfsiz hudud” maxsus tezkor profilaktik tadbirlar amalga oshirildi. Tadbirda tuman IIB 3-sektor masʼullari hamda jamoatchilik vakillari ishtirokida fuqarolarning murojaatlari oʻrganildi.
Hududlardagi 10 ta qishloq boʻylab 35 ta savdo obyektlari, 2300 dan ortiq xonadon, koʻcha va jamoat joylarida 24 ta nizoli oila, qoʻni-qoʻshni va ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar vakillari, aholi va korxonalar xodimlari, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olishga doir huquqiy-targʻibot ishlari olib borildi. Tadbir doirasida sogʻliqni saqlash muassasasi hisobida turgan 14 nafar spirtli ichimlikka ruju qoʻygan va 28 nafar ruhiy kasallar xonadoniga soha xodimlari bilan borilib, ularning holidan xabar olindi hamda tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi.
Aholi huquqiy savodxonligini oshirish, shuningdek, firibgarlik, oʻgʻirlik hamda kiberjinoyatchilik qurboniga aylanib qolmaslik yoʻllarini tushuntirish maqsadida 22 nafar qassoblik, chorva mollarini tashuvchilik va olib-sotish bilan shugʻullanadigan shaxslar bilan profilaktik suhbatlar olib borildi. Yoʻl harakati xavfsizligi yoʻnalishida 96 nafar qoidabuzar haydovchiga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, 38 ta avtomashina qarzdorligi boʻyicha jarima maydonchasiga joylashtirildi va 22 million 100 ming soʻm miqdordagi jarimalar undirildi. Shu bilan birga, haydovchilarga 200ga yaqin targʻibot bukletlari tarqatildi.
Bundan tashqari, mahallalarda istiqomat qiluvchi 18 nafar muqaddam sudlangan, 19 nafar jinoyat sodir etishga moyil hamda 33 nafar tuman IIB profilaktik hisobdagi va Probatsiya nazorati ostida turgan shaxslar bilan ijtimoiy-huquqiy hamda psixologik yordam koʻrsatish, kelgusida takroran jinoyat va huquqbuzarliklarni sodir etmaslik boʻyicha ogohlantirishlar berildi. Mazkur targʻibotlar davomida jami 2300 dan ortiq buklet va profilaktika inspektorlari tashrif qogʻozlari tarqatildi.
Shu kuni ov quroli egalari, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan fuqarolar bilan yakka tartibda profilaktik ishlar olib borildi. Ularga jinoyat va huquqbuzarlikning barvaqt oldini olish, ayniqsa, mamlakatimizda aholini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash yoʻlida yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanish borasida profilaktik tushuntirishlar berildi.
M.AHADOV,
“Postda” muxbiri.
Buxoro viloyati.
