Salomatlik – bebaho neʼmat. Oramizda oʻzining shirin soʻzi, samimiy muomalasi, zarur muolajasi bilan odamlar sogʻligʻini asrashda doim jonkuyar boʻlgan shifokorlar koʻp. IIV Tibbiyot boshqarmasi «Oʻzbekiston» sanatoriysi kardiologiya boʻlinmasi boshligʻi, shifokor-kardiolog Zumrat Karimova ham ana shunday fidoyilardan biridir.
– Sanatoriyga birinchi marotaba 2003-yilning may oyida ishga kirish maqsadida kelganim kechagidek yodimda, – deydi lavhamiz qahramoni. – Bu dargohning goʻzal tabiati, undagi fayz meni oʻziga butunlay maftun etgan. Bir oila aʼzolaridek mehr-oqibatli, mehnatsevar, bagʻrikeng, oʻz xizmat vazifalariga sidqidildan yondashadigan xodimlar jamoasiga qoʻshilib, xizmat qilganimga hecham achinmayman.
Mazkur muassasada kardiolog-shifokor sifatida xizmat boshlagan kezlari bilan bogʻliq xotiralarini boʻlisharkan, Zumrat opa hozirda «Oʻzbekiston» sanatoriysi boshligʻi, polkovnik Aziza Moʻminova sohaning oʻziga xosligi, shifokorlik masʼuliyati, ayol kishining oiladagi oʻrni borasida qimmatli maslahatlarini ayamay ustozlik qilganini ham aytdi.
Inson hayotining har soniyasi mushtdekkina yurak dukurlariga hamohang. Uni turli kasalliklardan asragangina oʻz umriga haqiqiy maʼnoda posbondir. Podpolkovnik Zumrat Karimova ham yillar mobaynida yurtimiz tinchligi-osoyishtaligi posbonlarining joniga aynan shu yoʻnalishdagi koni foyda boʻlgan tibbiy muolaja hamda tavsiyalari bilan ora kiradi.
– Odam organizmining har bir aʼzosi uning salomatligida alohida oʻrin tutadi, – deydi tajribali shifokor. – Agar ulardan qaysi biriningdir faoliyati buzilsa, albatta, unga jiddiy eʼtibor qaratish kerak. Xalqimizda «kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qilar» maqoli bejiz yaralmagan. Kasallik chuqurlashib, yuqori bosqichlarga oʻtsa, uni davolash ham shuncha murakkablashadi. Bizning yoʻnalishda aynan yurak-qon tomir kasalliklari, ularning yuzaga kelish sabablari, rivojlanish mexanizmlari, oʻziga xos kechishi hamda diagnostikasi, shuningdek, ularni aniqlash, davolash va oldini olish usullari ham nihoyatda muhim. Bunda har bir bemorga alohida yondashish talab etiladi. Zarur boʻlganida, boshqa yoʻnalish mutaxassislari bilan bamaslahat ishlashga toʻgʻri keladi.
Barcha tibbiy muassasalarda shifokorlar bir-birlariga ism-sharifi bilan murojaat qilishadi. Zumrat Kuchkarovnaga ham davolanuvchilar hurmat bilan murojaat qilishadi.
– Zumrat opa tabiatan ochiqkoʻngil, samimiy ayol boʻlishi bilan bir qatorda, qoʻli yengil shifokor, xizmatda masʼuliyatli xodima, – deydi kardiologiya boʻlinmasining katta kardiolog shifokori, kapitan Madina Qosimova. – Ular davolanuvchilarga kasallikning oldini olish boʻyicha ham kerakli tavsiyalarni berishdan va sogʻliqni nazorat qilishdan charchamaydilar.
Koʻngli egnidagi libosidek oppoq bu ayolning oila oshyonida ham baxti toʻkis. Turmush oʻrtogʻi bilan ahil-inoqlikda oʻgʻli Mirqudratillani voyaga yetkazishgan. Uning kasbi iqtisodchi. Beqiyos baxtiyorlik hukm surgan qoʻrgʻonning yana bir quvonchi nabiralar Muhammadaziz va Muhammadakbar boʻladi.
Podpolkovnik Zumrat Karimovaning ibratli, samarali mehnat faoliyatiga, mazmunli hayot yoʻliga toʻxtalarkanmiz, beixtiyor tilimizda
«Shukrki, mehrni
oʻchirmaganman,
Koʻngilni qush qilib
uchirmaganman.
Umrimni birovdan
koʻchirmaganman,
Oʻzimga tegishli
mavzularim bor»
– deya bitilgan shoirona misralar aylandi.
Gulnoza TURGʻUNBOEVA,
oʻz muxbirimiz.
