Yoshlar – kelajak bunyodkori
Katta leytenant Joʻrabek Nuraliyev Samdu akademik litseyida oʻqib yurganidayoq, fanlarni tirishqoqlik bilan oʻzlashtirishi, sportning oʻzbek jang sanʼati, taekvondo turlari boʻyicha Oʻzbekiston chempionligini qoʻlga kiritgani bilan tengdoshlariga oʻrnak edi.
Keyinchalik u niyatlari roʻyobi uchun intilish, izlanishdan toʻxtab qolmadi. Osoyishtalik posboni boʻlishdek ulugʻ maqsadi yoʻlida IIV Akademiyasida oʻqidi, sohaga oid bilimlarini boyitdi. Hozirda esa Samarqand viloyati IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻlimi yoshlar bilan ishlash guruhi katta inspektori.
– Kitob mutolaasi eng sevimli mashgʻulotlarimdan, – deydi qahramonimiz. – Badiiy asarlar insonning hayotga boʻlgan qarashlarini, fikrlarini teranlashtiradi. Ulardagi mohiyatni anglaganim sayin oʻzimga nisbatan talablarim ortadi. Inson bir joyda toʻxtab qolmasligi, aksincha, zamon bilan baravar odimlab, jamiyatda oʻz oʻrnini topishi va atrofdagilarga naf keltirishi uchun harakat qilishi lozimligini qalban his etaman. Bizning kasbimiz ham ana shunday jonkuyarlik, fidoyilikni talab etadi. Bunda shoshmashosharlik, yuzakilik ketmaydi. Shunchaki degan soʻz lugʻatimda yoʻq. Xushmuomalalik, mulohazakorlik, tez va toʻgʻri mushohada hamisha zarur.
– Qariyb yigirma sakkiz yil ichki ishlar organlarining turli sohaviy xizmatlarida faoliyat yuritganman, – deydi Joʻrabekning otasi – isteʼfodagi podpolkovnik Shavkat Roʻzinazarov. – Farzandlarim mening kasbimdan faxrlanardi. Ayniqsa, kenja oʻgʻlimning koʻzlarida boshqacha bir havas porlar, men bilan xizmat jarayonlari, bevosita kasbim haqida suhbatlashishga intilardi. Avvaliga bu shunchaki qiziqish, deb oʻylaganman. Biroq uning oʻqib-oʻrganishi, sport mashgʻulotlarini kanda qilmasligidan niyati jiddiyligini tushundim va qoʻllab-quvvatladim.
Inson biror kasbni tanlab, uning sir-asrorlarini puxta oʻzlashtirishi osonmas. Shu bois, ichki ishlar organlari sohasida «Ustoz-shogird» anʼanasi alohida ahamiyat kasb etadi.
– Ilk xizmatimni Pastdargʻom tumani IIB Hpbda profilaktika inspektori sifatida boshlaganman, – deydi katta leytenant Joʻrabek Nuraliyev. – Ustozim – kapitan Ahmad Mardiyevdan tizimning oʻziga xos tomonlarini oʻrgandim. Hamisha xalq ichida kechadigan xizmatimizda muomala, murosa bilan bir qatorda, aniqlikda, qonun talablari doirasida ish koʻrish koʻnikmalarim bevosita u kishining yordamida shakllandi.
J. Nuraliyev turli koʻrik-tanlovlar, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashabbuskori hamda ishtirokchisidir. Xususan, joriy yilda Andijon viloyatida «Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!» shiori ostida ichki ishlar organlarining yosh xodimlari va harbiy xizmatchilari oʻrtasida oʻtkazilgan II Respublika yoshlar forumida jamoasi bilan «Zukko kitobxonlar» koʻrik-tanlovining respublika bosqichida 3-oʻrinni qoʻlga kiritishida uning ham hissasi katta.
Gulnoza TURGʻUNBOYEVA,
«Postda» muxbiri.
Samarqand viloyati.
