Ohangaron tumani IIB Ekspert-kriminalistika guruhi katta eksperti, mayor Eldor Turdiboyev 2017-yilda IIV Akademiyasini tugatgach, Ohangaron tumani IIBda ekspert lavozimida xizmat faoliyatini boshladi. Soha sirlarini tajribali ustozi – kapitan Zokir Eshonqulovdan oʻrgandi. 2019-yildan boshlab egallab turgan lavozimida ishlab kelmoqda.
U faoliyati davomida koʻplab jinoyatlarning «issiq izida» fosh etilishiga erishdi. Birgina oʻtgan yili
2 ta oʻgʻrilik jinoyatini fosh etishga, 2 ta murdaning shaxsini aniqlashga oʻz hissasini qoʻshdi. Shuningdek, 269 marotaba hodisa joylarida ekspert-mutaxassis sifatida ishtirok etdi. Joriy yilning oʻtgan davrida esa
28 marta hodisa joylarida boʻlib, bitta murdaning shaxsiga aniqlik kiritishga muvaffaq boʻldi. Xullas, mayor Eldor Turdiboyevning hamkasblari bilan hamkorlikdagi saʼy-harakatlari tufayli jinoyatlar tezkorlik bilan fosh qilinib, yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi taʼminlanmoqda.
– Ekspert uchun bir dona soch tolasi, devordagi koʻzga zoʻrgʻa tashlanadigan shilingan joy yoki poldagi chang izi – bari haqiqatga olib boruvchi kalit boʻlishi mumkin. Shu bois sohamizda oʻta sinchkovlik va
hushorlik talab etiladi, − deydi lavhamiz qahramoni.
Uning soʻzlarida jon bor. Ekspertlar mavhumlik ichida haqiqatni izlovchi shaxslardir. Ularning ishi natijasi adolat mezonini tiklaydi. Qahramonimiz taʼkidlaganidek, hushyorlik va sinchkovlik har bir izning ortidagi sirni ochishga, demakki, haqiqatni qaror toptirishga zamin yaratadi.
Abror POYONOV,
katta mutaxassis-muxbir,
katta serjant.
Toshkent viloyati.
