Nurobod tumani­ning «Doʻstlik» mahallasida yashov­chi notinch oila roʻyxatida turuvchi Nozima Rustamova (ism-sha­rifi oʻzgartirildi) 2 yildan beri qaynakalari va ovsinlari oʻrtasidagi oʻzaro kelishmovchilikdan aziyat chekib tuman IIB JXX HPB xotin-qiz­lar masalalari boʻyicha katta inspektori, katta leytenant Shahlo Izzatovadan najot istab keldi. Fuqaroning muro­jaati manzilli oʻrganilib, ushbu oilada kelgusida oila-­turmush doirasida jinoyat sodir boʻlmasligi uchun himoya orderi rasmiylashtirib berildi. Shuningdek, xonadoniga kuzatuv kamerasi va tashvish tugmasi, yaʼni qoʻriqlash pulti oʻrnatildi.

Tumanda oilalar mustahkamligini taʼminlash, sharqona qadriyatlarni targʻib qilish borasida amaliy ishlar olib borilayotgan boʻlsa-da, soʻnggi yillarda xotin-qizlar jinoyatchiligi masalasi jiddiy eʼtiborni talab etyapti. Negaki, olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida 8 nafar spirtli ichimlikka ruju qoʻygan va 3 nafar yengil tabiatli ayol­ning roʻyxatga tushgani jiddiy ogohlik boʻldi. Shu bois, ular bilan yakka tartibda profilaktik suhbatlar oʻtkazildi. Ushbu salbiy holatlarning sabablari oʻrganilib, oldini olish boʻyicha «Yoʻl xaritasi» ishlab chiqildi. 

– Nurobod tumanida xotin-qizlar jinoyatchiligiga qarshi kurash faqatgina huquqni muhofaza qilish organlarining emas, balki barchamizning ishimiz. Xotin-qizlarni jinoyat sari yetaklaydigan yoʻl odatda toʻsatdan boshlanmaydi. U ishsiz­lik sabab paydo boʻladigan iqtisodiy tanglikdan, yetish­movchilik tufayli oilaviy nizolardan hamda maʼnaviy boʻshliq va huquqiy bilim­ning yetish­masligidan kelib chiqadi. Bu borada mahalla yettiligi oʻzaro hamjihatlikda ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qiz­larni aniqlab, ular­ning muammolarini manzilli hal etishga harakat qilish­yapti. Kimningdir bandligi taʼminlansa, boshqasiga psixo­logik yordam koʻrsatilyapti va yana kimgadir huquqiy maslahat berilmoq­da, – deydi tuman oila va xotin-qizlar boʻlimi boshligʻi Ziroat Sadinova.

Oʻrganishlarda tumanning «Sarikoʻl» mahallasida yashovchi fuqaro Gulchiroy Fayozovaga (ism-sha­rifi oʻzgartirilgan) turmush oʻrtogʻi muntazam ravishda tazyiq va zoʻravonlik oʻtkazib kelganligi aniqlandi. Unga himoya orderi rasmiylashtirilib, Ayollarni reabilitatsiya qilish va mos­lashtirish viloyat hududiy markaziga joylashtirildi. Voyaga yetmagan ikki nafar farzandini sud qaroriga asosan onasiga olib berishga erishildi.

Mahallalarda xotin-qiz­lar bilan oʻtkazilayotgan uchrashuvlarda jinoyat oqibatlari haqida emas, balki unga yoʻl qoʻymaslik uchun nima qilish kerakligi, oldini olish choralari, ayol qadri va shaʼni, oiladagi oʻrni haqida gapirilayapti. Har bir ayol qalbiga «Siz onasiz, siz ke­raklisiz, siz qadrlisiz» degan fikrlarni singdirishga harakat qilinmoqda.

Umida 

MAMADALIYEVA,

oʻz muxbirimiz.

Samarqand viloyati.