Namangan viloyati IIB JXX Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari – Yoʻl infratuzilmasini nazorat qilish boʻlimi boshligʻi, kapitan Rahmiddin Rivojiddinovni sohada ishlayotgan koʻplab xodimlarning ustozi desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Uning tashabbusi bilan viloyatdagi yoʻllarda tirbandliklarning oldini olish orqali yoʻl-transport hodisalari keskin kamayishiga erishildi. Ustozning bu boradagi oqilona takliflari rahbariyat tomonidan koʻrib chiqilib, amaliyotga tatbiq etildi.
Xususan, Namangan shahridagi aholi eng gavjum joylarda aylanma yoʻllar tashkil etildi, bir tomonlama harakat yoʻlga qoʻyildi. Muntazam ravishda tirbandliklar hosil boʻlayotgan chorrahalarning geometrik shakli oʻzgartirildi. Barcha tumanlar markazlaridagi aholi gavjum joylarda ham chorrahalardagi yoʻnalishlarga oʻzgartirishlar kiritildi.
Talabchan rahbar, yoshlarning gʻamxoʻr murabbiysi. Rahmiddin aka viloyatdagi yoʻllar geografiyasini puxta oʻzlashtirgan malakali mutaxassis hamdir. Shuning uchun boʻlsa kerak, sohadagi muammolarning kelib chiqish sabablari va yechimiga javob topishda u kishiga teng keladigani topilmasa kerak. Bundan tashqari, Rahmiddin aka insoniylik fazilatlari bilan ham koʻpchilikning hurmat-eʼtiboriga sazovor boʻla olgan.
Hayot yoʻlimizda bizga odamiylik sabogʻi va kasb sir-asrorlarini oʻrgatib kelayotgan ustozimga chin dildan tashakkur aytmoqchiman. Shogirdlaringiz baxtiga doim omon boʻling, uzoq yillar bizga toʻgʻri yoʻl koʻrsatib yurishda davom eting, ustoz!
Behruz ANVAROV,
Namangan viloyati IIB JXX YHXB
Yoʻl infratuzilmasini nazorat qilish
boʻlimi muhandisi, katta leytenant.
