Adhambek Mamadaliyev 1974-yilda Andijon viloyati IIB Jinoyat qidiruv boʻlimi kichik inspektori lavozimida xizmatni boshlagan. Xizmat bilan barobar Andijon davlat universitetini tamomlagan. Keyingi faoliyatini viloyat IIB jinoyat qidiruv boʻlimida davom ettirib, Baliqchi va Andijon tumanlarida xizmat qilgan. 

Mayor unvoni bilan 1996-yilda pensiyaga chiqqan lavhamiz qahramoni rafiqasi Shahzodaxon aya bilan birga uch nafar farzandni voyaga yetkazdi. Toʻngʻich oʻgʻil Nuriddin – ota izidan borib, jinoyat qidiruv xizmatida 15 yildan ortiq faoliyat olib bordi. Hozirda Mamadaliyevlarning katta oilasida toʻqqiz nevara va ikki evara voyaga yetmoqda. 

– Jinoyat qidiruv boʻlimi boshligʻi, polkovnik Hasanboy Xoʻjayev menga ustozlik qilgan, – deya eslaydi faxriy. – U menga har qanday holatda ham toʻgʻri qaror qabul qilishni, jinoyatni ochishda hatto mayda-chuydalarga ham eʼtibor qaratishni va shoshilinch xulosa chiqarmaslikni oʻrgatdi. Bunday saboqlar keyinchalik jinoyatchilarni qidirishda bir necha bor qoʻl keldi. Generallar – Gʻofurjon Rahimov, Botirjon Parpiyev, polkovniklar – Gennadiy Gavrilichev, Vladislav Gurtovenko kabi insonlar bilan ishlash baxtiga muyassar boʻlganman.

Ayniqsa, tezkor xodim boʻlib ishlagan davrim yodda qolgan. Oʻsha paytda ichki ishlar organlari boʻlinmalarida texnika va aloqa vositalari taqchil edi. Shunga qaramay, hodisa joylariga yoʻlovchi mashinalarda borib, bajarilgan ish haqida avtomat-telefonlar orqali maʼlumot berardik. 

Biror koʻngilsiz voqea yuz bersa, yordam soʻrab, birinchi navbatda, jinoyat qidiruv boʻlimiga murojaat qilishgan. Odamlarning muammolarini hal qilishda yordam berish bizning burchimiz edi. Qiyinchiliklarga qaramay, boʻlimimiz jinoyatlarni fosh etish koʻrsatkichi boʻyicha viloyatda birinchi uchlikka kirgan. Butun jamoaning fidoyiligi va ahilligi tufayli har doim yuqori natijalarga erishganmiz. Oddiy inspektordan tortib to boshliqqacha har birimiz oʻz ishimizni masʼuliyat bilan bajarardik. 

Yaqinda faxriyni 80 yoshga toʻlishi munosabati bilan viloyat IIB Faxriylar kengashi raisi, isteʼfodagi podpolkovnik Davronbek Yusupov va shogirdlari qutlashdi.

– Oʻtgan umrimdan minnatdorman, shu kasbni tanlaganimdan, xalqimga xizmat qilib shu kunlarga yetganimga shukrona qilaman, – deydi Adhambek ota. 

Boris KLEYMAN, 

oʻz muxbirimiz.

Andijon viloyati.