IIV Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti masʼul xodimi, isteʼfodagi polkovnik, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Respublika «Maʼrifat» targʻibotchilar jamiyati aʼzolari, taniqli shoir, tarjimon hamda dramaturg Zikrilla Neʼmat hamisha yangilik, yangilanish sari ildam qadam tashlab keladi. Prezidentimiz umumxalq harakatiga aylantirgan ommaviy kitobxonlik tashabbusi, ayniqsa, «Qadrdon maktabimga kitob sovgʻa qilaman!» shiori ostidagi ezgu daʼvat unga ham qanot bagʻishladi. Mana, bir necha yildirki, ijodkor bu tashabbusni qoʻllab-quvvatlab kelmoqda. U har yili qaysi shahar va tumanga ijodiy safar bilan bormasin, albatta, oʻz ijod namunalaridan kitobdasta tayyorlab boradi. Kitob bolalarga orzular eshigini ochuvchi kalit deb hisoblaydigan ijodkor har gal ularga kitob ulashadi.
Saxiyqalb shoir yaqinda bir guruh adiblar, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari – «Sharq yulduzi» jurnali bosh muharriri Sirojiddin Rauf, taniqli shoir, jurnalist, dramaturg va tarjimon Chorshaʼm Roʻzievlar bilan birgalikda Gʻijduvon tumanidagi axborot-kutubxona markazida boʻldi. Albatta, ijodkorlar quruq qoʻl bilan kelishmadi.
Bu galgi diydorlashuv asnosida Zikrilla Neʼmatning soʻnggi yillarda yaratilgan «Bobomdan meros bogʻlar» nomli sheʼriy toʻplami hamda «Abdurauf Fitrat» va «Qatagʻon oʻpqoni» pʼesalaridan iborat kitoblari taqdimoti koʻtarinki ruhda oʻtkazildi. Tadbirda soʻzga chiqqanlar asarlar haqida iliq fikrlar bildirishdi. Shuningdek, mehmon shoirlar oʻz hayot yoʻllari, ijod mashaqqatlari haqida soʻz sanʼatiga oshno boʻlgan jajji qalb egalariga soʻzlab berishdi va oʻz qalamlariga mansub sheʼrlardan namunalar oʻqishdi.
– Tadbir qiziqarli, savol-javoblarga boy tarzda oʻtdi, – deydi tuman axborot-kutubxona markazi direktori Dildora Muhammedova. – Taqdimotdan soʻng, shoir Zikrilla Neʼmat oʻzining «Mangu qoʻshigʻimsan, Vatan», «Vafo baytin bitaylik», «Navoiydan navo istab», «Bobomdan meros bogʻlar», «Qatagʻon oʻpqoni», «Buxoroni sogʻinmay boʻlmas», «Jirafa nechun xafa?!», «Olamni angla, bolam!» nomli kitoblaridan yuz donasini kutubxonamizga sovgʻa qildi. Shubhasiz, bu ijod namunalari tumanimiz yoshlarini Vatanga muhabbat va burchga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shundan soʻng poytaxtlik ijodkorlar tumandagi 26-umumiy oʻrta taʼlim maktabida boʻlishdi. Bu yerda maktab direktori Sh.Toʻxtaev tashabbusi bilan tuman tomonidan IIB Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Gʻijduvon tuman boʻlinmasi hamkorligida «Maʼnaviyat oyligi» doirasida «Sheʼriyat kechasi» tashkil etildi. Tadbirda mahalliy shoir va yozuvchilar hamda adabiyotga oshno ijodkor yoshlar ham ishtirok etishdi.
Maktabda iqtidorli oʻquvchilarning koʻproq ijodga, sheʼriyatga qiziqishi kuchli ekanligiga guvoh boʻldik. 10-sinf oʻquvchisi Aziza Faxriyeva hamda 7-sinf oʻquvchisi Gulsanam Abdullaevalar ijod qilish bilan birga tumanda tashkil etilgan «Bir oyda ikkita kitob oʻqiyman» hamda «Besh tashabbus olimpiadasi» doirasida oʻtkazilayotgan «Yosh kitobxon» tanlovlarida ishtirok etib, faxrli oʻrinlarni olishmoqda. Ayniqsa, yosh ijodkorlarning ona, Vatan va tabiat haqidagi sheʼrlari yigʻilganlarning olqishlarga sazovor boʻldi.
Adabiy kecha soʻngida maktab kutubxonasini boyitish maqsadida tashrif buyurgan shoirlar tomonidan kitoblar topshirildi. Sheʼriyat bazmi mushoiraga boy va qiziqarli tarzda oʻtdi. Tadbirdan oʻquvchi yoshlar oʻzlariga kerak boʻlgan maʼnaviy ozuqaga ega boʻlishdi.
Mirzoqul AHADOV,
«Postda» muxbiri.
Buxoro viloyati.
Muallif olgan surat.
