– Ahmatillo bir oyda ellikka yaqin lavha va videoroliklarni yuqori sifatda montaj qiladi, – deydi viloyat IIB Axborot xizmati rahbari, kapitan Ismoiljon Sharipov. – Bolalarning huquqiy savodxonligini oshiradigan va ogohlikka chorlaydigan animatsion filmlar tayyorlashda ham yaxshigina tajribasi bor. Yangicha yondashuvlari esa tayyorlanayotgan lavhalarimiz sifatini oshirib, tomoshabinlarning eʼtirofiga sazovor boʻlmoqda.
Fargʻona viloyati IIBda zamonaviy media markaz va uning qoshida alohida studiya tashkil etilgan.
– Media markazning ochilishi faoliyatimizda koʻplab qulayliklar yaratdi, – deydi katta leytenant Ahmatillo Olimov. – Ilgari asosiy vaqtimizni telekanal va radio studiyalariga qatnash bilan oʻtkazardik. Hozir esa media markazda turib har qanday koʻrsatuv, davra suhbati, intervyu, videomurojaatlar va sohaga oid axborotlarni tasvirga olib, montaj qilib, tayyor holatga keltiryapmiz.
Mutaxassisning aytishicha, yangi media markazda ichki ishlar organlari faoliyatiga oid yangiliklarni, xabar va voqealarni xalqimizga tezkor va xolisona yetkazish imkoniyati tubdan yaxshilandi. Natijada viloyatdagi boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarning axborot xizmatlari bilan hamkorlikda yangi «Vaziyat-24» nomli maxsus koʻrsatuv tayyorlanib, haftada bir marotaba viloyat televideniyesi va rasmiy kanallarda efirga uzatilmoqda. Kunlik axborotlar tayyorlash hajmi va sifati ham avvalgi yillarga nisbatan sezilarli darajada yaxshilandi.
Qahramonimizning turmush oʻrtogʻi Mukarramxon Olimova ham jurnalist. Viloyat televideniyesida muharrir boʻlib faoliyat koʻrsatadi. Ular ahillikda 2 nafar farzandni kamolga yetkazishmoqda.
Abduvosit SIDIQOV,
oʻz muxbirimiz.
Fargʻona viloyati.
