Bu yil yurtimizda eng ulugʻ va eng aziz bayram – mustaqilligimizning 33 yillik shodiyonalari chinakam umumxalq bayrami, ozodlik va saodat ayyomi sifatida har yilgidan koʻra koʻtarinki ruhda, yutuq va muvaffaqiyatlar bilan nishonlanmoqda.

Bayram munosabati bilan Fargʻona viloyati IIBda tantanali taqdirlash marosimi tashkil etildi. Tadbirda boshqarma boshligʻi, general-mayor Azizbek Ikramov jinoyatchilikka qarshi kurashish, uning oldini olish, jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlashdek mashaqqatli xizmatni sharaf bilan ado etib kelayotgan xodimlarni, faxriy-ustozlarni samimiy muborakbod etdi.

Shundan soʻng anjuman ishtirokchilariga Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Poʻlat Bobojonovning mustaqilligimizning 33 yilligi munosabati bilan yoʻllagan bayram tabrigi oʻqib eshittirildi.

Bayram arafasida Prezidentimizning tegishli farmoniga asosan, viloyat IIB JTSB boshligʻi, polkovnik Ilhom Ergashev “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlangani gʻurur bilan eʼtirof etildi. Shuningdek, professional kasbiy mahoratini namoyon etib, jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga munosib hissa qoʻshib kelayotgan yana bir guruh fidoyi xodimlar Ichki ishlar vazirining buyrugʻi bilan idoraviy koʻkrak nishonlari, vazirlikning tashakkurnomasi hamda esdalik qoʻl soati bilan mukofotlandilar.

Bundan tashqari, viloyat IIBning tegishli buyrugʻi bilan 874 nafar xodim pul mukofotlari bilan taqdirlandi, 24 nafar xodimning intizomiy jazosi ragʻbatlantirish tariqasida muddatidan oldin olib tashlandi. Yana bir guruh xodimlarga esa navbatdagi maxsus harbiy unvonlar berildi.

Taqdirlangan xodimlar soʻzga chiqib, koʻrsatilgan eʼtibor uchun vazirlik hamda viloyat IIB rahbariyatiga samimiy minnatdorlik bildirishdi. Berilgan mukofotga munosib tarzda xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilishga soʻz berishdi.

Abduvosit Sidiqov,

oʻz muxbirimiz.

Fargʻona viloyati.