Yurt osoyishtaligi yoʻlida beminnat xizmat qilayotgan kichik serjant Doniyor Baxtiyorov 1981 yili Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanida tavllud topgan. U 2000 yilda Chirchiq industrial texnikumini muvaffaqiyatli tamomlaydi.

Ilk xizmat faoliyatini 2003 yilda IIV Qorovul qoʻshinlariga qarashli poytaxtimizda joylashgan 7534-harbiy qismda nazoratchi lavozimida boshlagan yosh harbiy ustozlari yordamida kasb sir-asrorlarini mukammal egallab, hozirda qoʻshinlarga qarashli Toshkent viloyatidagi 7535-harbiy qism 3-batalon oshxona boshligʻi lavozimida xizmat qilmoqda.

Lavhamiz qahramoni faoliyati davomida oʻzini ijobiy tomondan koʻrsatib, xizmatga oid meʼyoriy hujjatlar hamda Umumharbiy nizomlar talablarini puxta oʻzlashtirib, kundalik faoliyati davomida undan toʻgʻri foydalanib kelmoqda. D. Baxtiyorov oʻzining harbiy va kasbiy bilimini oshirish hamda dunyoqarashini kengaytirish maqsadida turli badiiy va siyosiy kitoblar, gazeta va jurnallarni muntazam mutolaa qilib boradi.

Jangovar tayyorgarlik mashgʻulotlari, maʼnaviyat va maʼrifat darslarini mukammal oʻzlashtirish bilan birga, shaxsiy tarkib oʻrtasida oʻtkazilayotgan tadbirlarda ham faol ishtirok etib, jamoadoshlari orasida obroʻ-eʼtiborga sazovor boʻlayotir.

Bundan tashqari, oʻzining intizomi, uddaburonligi va tashabbuskorligi bilan boshqa harbiy xizmatchilarga ham namuna boʻlib kelmoqda.

Shuningdek, tinib-tinchimas Doniyor Baxtiyorov mamlakatimiz Prezidentining 2016 yil 28 noyabrdagi farmoniga muvofiq taʼsis etilgan “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 25 yil” esdalik nishoni bilan taqdirlangan.

Shu boisdan, kichik serjant D. Baxtiyorovning ona vatanimiz osoyishtaligi yoʻlidagi mashaqqatli xizmatida ulkan muvaffaqiyatlar tilab, kelgusi faoliyatida bundan-da, yuqori marralarni zabt etishini tilab qolamiz!

Mixli SAFAROV,

“Postda” muxbiri.