Sherzodbek Nuriddinov Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlagach, Andijon viloyati teleradiokompaniyasida maxsus muxbir boʻlib ishlay boshladi. U Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarida xizmat qilib qaytganidan soʻng oʻz faoliyatini viloyat televideniyesida davom ettirdi. 2017-yilda ichki ishlar organlariga xizmatga qabul qilinib, Jamoatchilik bilan aloqalar tashkiliy boʻlimi guruh inspektori sifatida xizmat olib bordi. Oradan maʼlum vaqt oʻtgach, leytenant Sh. Nuriddinov viloyat IIB matbuot xizmati rahbari, boshqarma boshligʻining matbuot kotibi etib tayinlandi.

Andijon viloyati IIB matbuot xizmati xodimlari “Telegramm” tarmogʻida ichki ishlar boshqarmasining rasmiy kanalini yuritib, unga boʻlinmalarda yuz berayotgan hodisalar haqidagi materiallarni joylab borishmoqda. Bundan tashqari, onlayn rejimda hodisalarni batafsil yoritib beruvchi videoroliklar muntazam berib boriladi. Har hafta oxirida saytda haftalik voqealar dayjesti eʼlon qilinadi.

Kapitan Sherzodbek Nuriddinov yosh boʻlishiga qaramay, tajribali rahbar va professional jurnalistdir. Matbuot xizmati materiallari “Oʻzbekiston-24” televizion kanalida va viloyat televideniyesida muntazam ravishda namoyish etiladi.

Boris KLEYMAN,

oʻz muxbirimiz.

Andijon viloyati.