Bir ayol poytaxtimizdagi “Humo Arena” muz saroyining oldiga oʻzining “Spark” rusumli avtuolovini qoʻyib, oʻz yumushi bilan ichkariga kirib ketadi. Qaytib chiqib harchand urinmasin “temir tulporini” oʻt oldira olmaydi. Kun sovuq. Buning ustiga avtomashina tuzatishni bilmaydigan ojiza nima qilishni bilmasdan, sovuqqotib turganida shu atrofda xizmat vazifasini oʻtab yurgan patrul-post xizmati xodimlari uning joniga oro kiradi.
Yakkasaroy tumani IIOFMB JTSB PPX otryadi haydovchisi, safdor Javohir Toʻlayev va otryad xodimi, safdor Azizbek Ramazonov avtomashinani u yoq bu yogʻini koʻrib tuzatib berishadi. Ayol osoyishtalik posbonlariga oʻz minnatdorligini bildirib, manzili tomon yoʻl oladi.
Safdor Azizbek Ramazonov 1991-yilda tavallud topgan. Ichki ishlar organlaridagi faoliyatini 2011-yilda boshlagan. Hozirgi lavozimida 2021-yildan buyon xizmat qilib kelmoqda.
Safdor Javohir Toʻlayev esa 2003-yilda tugʻilgan. Ichki ishlar organlaridagi faoliyatini 2023-yilning may oyida boshlagan.
Sarvar SOBIROV,
oʻz muxbirimiz.
Toshkent shahri.
