Ishtirokchilar soni va faoliyat yoʻlanilishi chegaralanmagani bois oʻquv-mashgʻulotning birinchi kunida professional jurnalistlar bilan bir qatorda, talaba va havaskorlar, hatto Shanxay Jurnalistika va kommunikatsiya akademiyasi doktorantigacha qatnashdi.
Dastlab Sudyalar oliy kengashi raisi Xolmoʻmin Yodgorov sud jarayonlarini yoritishda jonbozlik koʻrsatayotgan jurnalist va blogerlarga alohida minnatdorlik bildirdi. Soʻng oʻquv kursidan koʻzlangan maqsad sud-huquq sohasiga ixtisoslashgan OAV vakillarining kasbiy malakasini oshirishga koʻmaklashish, xususan, sud jarayonlarini yoritishning oʻziga xos jihatlari bilan yaqindan tanishtirish, sudyalar bilan jurnalistlar oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyishdan iborat ekanini taʼkidladi. Shuningdek, oʻquv mashgʻulotlari quruq maʼruzabozlikdan iborat boʻlmasligini aytib, ishtirokchilarning xohish-istaklaridan kelib chiqqan holda mavzularga qoʻshimcha yoki oʻzgartirishlar kiritilishini bildirildi.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xoʻjayev ham soʻz olib, oʻquv mashgʻulotlarida oladigan bilimlari va orttiradigan koʻnikmalari jurnalist hamda blogerlarning kelgusi faoliyatida asqatadigan tavsiyalarga boy boʻlishiga umid bildirdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Safar Ostonov hamda Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, Xalqaro press-klub rahbari Sherzodxon Qudratxoʻjayev mamlakatimizda sud mustaqilligi, sudyalar daxlsizligi va soʻz erkinligi borasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligiga eʼtibor qaratib, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari fuqarolar huquqlari himoyasini taʼminlash, odil sudlovga erishishhuquqiy asos boʻlayotganini taʼkidlashdi.
Ilk oʻquv-mashgʻulotlari ommaviy axborot vositalarida sud protsesslarini yoritishning oʻzi xos jihatlari, bu jarayonda jurnalist va blogerlarning huquq va majburiyatlari tartibga solingan qonun hujjatlari xususida soʻz yuritildi.
Keyingi mashgʻulotlar mavzusi axborot xavfsizligi masalalalariga bagʻishlanishi maʼqullandi. Unga parlamentning quyi palatasi deputati, taniqli adib va jurnalist, filologiya fanlari doktori Xurshid Doʻstmuhammad va Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar unversiteti prorektori Nozima Muratova taklif etildi.
Alohida taʼkidlash joiz, mashgʻulotlar bir vaqtning oʻzida ikki shaklda — bevosita va bilvosita (onlayn) oʻtkaziladi. Ikki hafta davomida haftaning dushanba, chorshanba va juma kunlari soat at 15.00 – 17.00 gacha boʻlib oʻtadi.
Oʻquv-mashgʻulotlari bepul va unda ishtirok etish chegaralanmagan.
Adolat FAYZIYEVA.
«Postda» muxbiri.
