Rasmiy sahifalarimizda Buxoro shahar Alpomish koʻchasida yashovchi, 1999-yilda tugʻilgan Sh.Sh. va Qorovulbozor tumani “Tinchlik” mahallasida yashovchi 2003-yilda tugʻilgan Q.M. ismli shaxslar oldindan jinoiy til biriktirib, Buxoro shahri hamda viloyatimizning boshqa tumanlarida mol oʻgʻirliklarini sodir qilganligi yuzasidan maʼlumot bergan edik. Ushbu jinoiy guruh aʼzolari bilan olib borilgan tezkor-texnik va surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida Buxoro shahrida sodir boʻlgan yana bir jinoyat fosh etildi.

  Gap shundaki, 2022 yilning 4-noyabr kunidan 5-noyabr kuniga oʻtar kechasi Buxoro shahar “Kaltarabot” aholi punktida yashovchi, 1981-yilda tugʻilgan M.S. ning yashash xonadoni orqa tomonida joylashgan, atrofi yogʻoch toʻsiqlar bilan oʻrab olingan qoʻyxonasidan bahosi 10 million soʻmga teng besh bosh qoʻy ham aynan shu jinoiy guruh tomonidan oʻgʻirlab ketilganligi aniqlandi va ashyoviy dalillar tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi.

    Mazkur jinoiy guruhga nisbatan qoʻshimcha ayblov eʼlon qilinib, ular tomonidan viloyatimizning boshqa hududlari va qoʻshni viloyatlarda sodir etilib, fosh etilmasdan qolayotgan xuddi shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash borasidagi tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

 

Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati.