Maʼlumki, respublikamizda “mahallabay” usuli keng tadbiq etilib, jinoyatchilikni oʻz vaqtida jilovlashning yangi imkoniyatlari yuzaga keldi. Bu boradagi ishlarni qay darajada bajarilayotganini oʻrganish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, general-leytenant Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruh Surxondaryo viloyatida oʻrganishlar olib bordi.

Ishchi guruh aʼzolari uch kichik guruhlar tarkibida viloyatning tuman-shaharlarida boʻlib, Prezidentimiz tomonidan berilgan topshiriqlarning amaldagi ijrosini nazorat qilib, uning natijalari bilan yaqindan tanishdilar. Mazkur oʻrganishlar davrida aholini qiynayotgan muammo va masalalarga alohida urgʻu berildi.

Xususan, Poʻlat Bobojonov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2021 yil 12 fevralda Ichki ishlar vazirligi Hayʼatining kengaytirilgan tarzda oʻtkazilgan yigʻilishida berilgan topshiriqlar ijrosi boʻyicha amalga oshirilgan ishlarni koʻrish maqsadida, Sariosiyo tumanini “Namunaviy xavfsiz hudud”ga aylantirish Dasturi asosida IIB binosida tashkil qilingan Situatsion markaz faoliyati bilan tanishdi. Shuningdek, Termiz shahridagi “Tuproqqoʻrgʻon”, “Alpomish”, Jarqoʻrgʻondagi “Markaziy Curxon” mahallalarida tashkil etilgan “Huquq-tartibot maskan”lari hamda Sariosiyo, Shoʻrchi, Denov va Qumqoʻrgʻon tumanlari ichki ishlar organlari faoliyati koʻrib chiqilib, sektor rahbarlariga topshiriq va koʻrsatmalar berildi.

Ishchi guruh tashabbusi bilan viloyatdagi kriminogen vaziyatni yanada barqarorlashtirish maqsadida maxsus tezkor-profilaktik tadbirlar oʻtkazildi. Tadbirlar davomida 44 ta jinoiy va 565 ta maʼmuriy holatlar aniqlandi, 25 nafar qidiruvdagi shaxslar ushlandi, 13 ta jinoyatlar fosh etildi, 44 dona oʻqotar qurol va 231 dona oʻq-dorilar ixtiyoriy ravishda topshirildi. Yoʻl harakati xavfsizligi yoʻnalishi boʻyicha oʻtkazilgan “maxsus avtoreyd” tadbiri davomida 4 650 ta qoidabuzarliklar aniqlangan boʻlib, shundan 3 541 tasi qoʻpol qoidabuzarliklar hisoblanadi, 1 349 ta avtomashina jarima maydoniga joylashtirildi, yoʻlovchilarni noqonuniy tashigan 396 nafar haydovchilar javobgarlikka tortildi.

Albatta, har qanday saʼy­harakat samarasi uning natijalariga borib taqaladi. Ishchi guruh tomonidan joylarda aniqlangan muammoli masalalar hamda tezkor tadbirlarning amaliy natijalari viloyat va tuman-shahar ichki ishlar organlari rahbarlari ishtirokida oʻtkazilgan yigʻilishda tanqidiy muhokama qilindi. Xususan, aksariyat tuman-shaharlarda profilaktika inspektorlari faoliyatini raqamlashtirish va xizmat olib borish hamda yashash sharoitlarini yaxshilash borasidagi ishlar toʻliq bajarilmagani aniqlandi. Shuningdek, doimiy eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan shaxslar bilan manzilli profilaktik tadbirlar talab darajasida olib borilmaganligi taʼkidlab oʻtildi. Shu bilan birga, uyushgan jinoyatchilik va ijtimoiy xavfli jinoyatlarning barvaqt oldini olishdagi tadbirlarga kerakli eʼtibor berilmayotgani hamda ayrim masʼul rahbarlarda bu borada tashabbus yetarli emasligi taʼkidlandi. Yoʻllarda harakat xavfsizligini taʼminlash, harakatlanish madaniyatini shakllantirish va qoʻpol qoidabuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan maqsadli ogohlantiruv va nazorat-tekshiruv tadbirlari oʻz vaqtida olib borilmaganligi tanqid qilindi.

Yigʻilishda xizmat faoliyatida jiddiy kamchilikka yoʻl qoʻygan 28 nafar rahbar va xodimlar intizomiy javobgarlikka tortildi. Jumlandan 2 nafar xodim ichki ishlar organilaridan boʻshatildi, 14 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etildi 1 nafari lovozim maoshining 30% miqdorda jarima, 3 nafari “Qattiq hayfsan”, 2 nafari “Hayfsan”, va yana 6 nafariga boshqa choralar koʻrildi.

Aksincha, oʻz xizmat vazifalariga sidqidildan yondashgan, namunali xizmat qilib hamkasblariga oʻrnak boʻlayotgan 31 nafar xodimlar ragʻbatlantirildi.

Yashash manzilidan olisda xizmat qilayotgan va uzoq masofadan xizmatga qatnab kelayotgan 5 nafar xodimlarning oilaviy sharoitlarini inobatga olinib, yashash joylariga yaqin hududga rotatsiya qilindi. Viloyatdagi boʻsh boʻlgan 10 ta rahbarlik va 1 ta xizmat inspektori lavozimlariga koʻp yillik tajribaga ega, yuqori malakali nomzodlar tayinlandi.

Yigʻilish yakunida viloyatda aniqlangan kamchiliklarni joyida bartaraf etish va jinoyatchilikni “mahallabay” jilovlash ishlarini yanada kuchaytirish hamda xodimlar oʻrtasida xizmat intizomi va konuniylikka rioya etilishini nazorat qilish boʻyicha vazir tomonidan topshiriq va koʻrsatmalar berildi.

Shuningdek, shu kuni Surxondaryo viloyati hokimligi va huquqni-muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari hamda boshqa davlat tashkilotlari vakillari ishtirokida kengaytirilgan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Yigʻilishda viloyatda jinoyatchilikni jilovlash borasida aniqlangan muammoli masalalar sektorlar kesimida muhokama qilindi.

Tuman-shahar sektor rahbarlari tomonidan viloyatdagi kriminogen vaziyati ogʻir 50 ta mahallalarda nizoli oilalar hamda aholining “muammoli toifalari” bilan ishlash boʻyicha 3 va 4-chorakka moʻljallangan “mahallabay” dasturlarni ishlab chiqishda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar tanqid qilindi.

Kibermakonda sodir etilayotgan jinoyatlarni aniqlash, oldini olish va tergov qilish amaliyotidan kelib chiqqan holda Surxondaryo viloyatida aniqlangan muammoli masalalarni “mahallabay” usulida hal etish boʻyicha har bir masʼul rahbar uchun belgilangan vazifalarning ijrosini amalda taʼminlash va bu borada tizimli nazorat oʻrnatish hamda huquq-tartibot idoralari oʻrtasida amaliy hamkorlikni kuchaytirish boʻyicha viloyat 4 ta sektor rahbarlariga kerakli topshiriq va koʻrsatmalar berildi.

IIV Axborot xizmati.