Isteʼfodagi polkovnik Aminboy Bobojonov 1953-yil 3-martda Toʻrtkoʻl tumanida tavallud topgan. 1972–74-yillarda Leningrad harbiy okrugida xizmat qilgan A. Bobojonov kelajakda yurist boʻlishni xohlagani bois koʻproq shu sohaga oid kitoblarni mutolaa qilardi. Oʻqib-oʻrganishdan toʻxtamagan yosh yigit armiya safidan kichik serjant unvonida yurtiga qaytadi. 

Oradan biroz muddat oʻtib, Toshkent Oliy maktabiga nomzodlar qabul qilinayotganini eshitib, hujjatlarini topshirishga qaror qiladi. Natijada Qoraqalpogʻiston Respublikasidan borgan 40 nafar nomzoddan oʻqishga qabul qilingan 10 nafar yigitning biri boʻladi. 1978-yili oʻqishni tamomlab kelgach, Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIVda Shtab inspektori lavozimida ilk xizmat faoliyatini boshlaydi. 

Shtab boshligʻi, podpolkovnik V. Svechnikov, podpolkovnik A. Qarasayev, general-mayorlar U. Utemuratov, J. Shilmanov, polkovnik 

I. Dolgopol kabi ustozlaridan kasb sirlarini oʻrgangan Aminboy aka keyinchalik qator masʼ­uliyatli vazifalarda xizmat qildi. Xususan, 1980–1981-yillarda Amudaryo tuman IIB boshligʻi oʻrinbosari, 1981–1990-yillarda Nukus, Beruniy tumani IIB boshligʻi, 1991-yili Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining, keyinchalik esa Xorazm viloyati IIB boshligʻining birinchi oʻrinbosari lavozimida samarali faoliyat olib bordi. 

Koʻp yillik xizmati davomida tajribali rahbarlik jihatlari bilan cheklanib qolmasdan, xavfli jinoyatchilarni qoʻlga olishdek qator tadbirlarda shaxsan ishtirok etib, ajal bilan yuzma-yuz kelgan paytlari ham uchraydi.

A. Bobojonov 2001–2002-yillarda Xorazm viloyati IIB boshligʻi, soʻngra Taxiatosh, Nukus shahar IIB boshligʻi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIVda boʻlim boshligʻi lavozimlarida ishlab, 2010-yili pensiyaga chiqadi. Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yurist, isteʼfodagi polkovnik Aminboy Bobojonov koʻp yillik xizmatlari munosib baholanib, Prezident farmoniga koʻra, II darajali «Shon-sharaf» ordeni bilan taqdirlangan. 

– Biz xizmat qilgan yillar ancha murakkab davrlar edi. Ustozlardan oʻrganganlarimiz, qiyin davrlardagi hayotiy tajriba xizmat faoliyatimizni talab darajasida oʻtkazishda ancha qoʻl kelgan. Bugungi kunlar boshqacha. Barcha sharoitga ega binolar, avtomobillar, xizmatda foydalaniladigan texnika vositalari xodimlar uchun muhayyo qilingan. Hozirgi avlodga havas qilaman va ayni paytda ulardan shunga yarasha xizmat qilishlarini, elimiz, yurtimiz osoyishtaligini taʼminlashda fidokorlik namunalarini koʻrsatishlarni tilab qolaman, – deydi Aminboy Bobojonov.

U pensiyaga chiqqani bilan sohadan uzoqlashib ketmadi. Bugungi kunda vazirlikning yosh xodimlarini burchga masʼuliyat, kasbiga sodiqlik ruhida tarbiyalash, tajribalarini oshirishda faol ishtirok etib kelmoqda. 

Azamat PIRNIYAZOV, 

oʻz muxbirimiz.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi.