Navoiy viloyati IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi tomonidan xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektorlar hamda voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha inspektor-psixologlar ishtirokida oʻquv-amaliy seminari oʻtkazildi. 

Unda dastlab viloyat IIB boshligʻi oʻrinbosari, polkovnik Umidjon Adizov soʻzga chiqib, IIV rahbaryati tomonidan xodimlarga qoʻyilayotgan talablarni yetkazdi. Shuningdek, voyaga yetmaganlar, yoshlar va xotin-qizlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarning oldini olish borasida koʻrilayotgan chora-tadbirlarni tahlil qildi. Xizmat intizomi va qonunchilikka rioya etish, yuklatilgan vazifalarni sidqidildan bajarish, taʼlim muassasalarida “Davomat”, “Tigʻ” va “Oriyat” tadbirlarini samarali oʻtkazish, nizoli oilalar bilan ishlash borasida topshiriqlar berildi.

Soʻng masʼul xodimlar oʻzlarining bajargan ishlari yuzasidan taqdimot qildilar. Seminar yakunida xodimlarga “Xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektorlar va inspektor-psixologlar ish faoliyatini samarali tashkil etish” boʻyicha uslubiy qoʻllanmalar hamda inspektorlarning bir kunlik vazifalari koʻrsatilgan bukletlar tarqatildi.  

Mahliyo XOLOVA,

“Postda” muxbiri.

Navoiy viloyati.