Joriy yilning 27-oktabr kuni mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon – Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari mahalliy kengashlari deputatlari saylovi boʻlib oʻtadi. Ayni paytda deputatlikka siyosiy partiyalar tomonidan koʻrsatilgan nomzodlar roʻyxatga olindi.
Taʼkidlash kerakki, milliy saylov tajribamizda ilk marotaba 5 ta siyosiy partiya tomonidan barcha darajadagi deputatlik oʻrinlariga 100 foiz nomzodlar koʻrsatildi. Xususan, siyosiy partiyalar Qonunchilik palatasiga jami 875 nafar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar kengashlariga 3625 nafar, xalq deputatlari tuman va shahar kengashlariga 24850 nafar nomzod, yaʼni barcha saylov okruglarida nomzodlar toʻliq koʻrsatish imkoniga ega boʻldi.
Parlament quyi palatasi – Qonunchilik palatasi deputatligiga siyosiy partiyalardan koʻrsatilgan nomzodlar orasida ayollar soni 391 nafarni yoki 44,7 foizni tashkil etdi. Bu saylov tariximizdagi eng yuqori koʻrsatkichdir.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, Xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar hamda tumanlar (shaharlar) kengashlariga ham har bir partiyadan nomzodlar roʻyxatga olingan boʻlib, deputatlik mandati uchun 28475 nafar nomzod kurash olib boradi.
Diqqatga molik yana bir jihat shuki, nomzodlarni koʻrsatishda siyosiy partiyalar inklyuzivlikka ham alohida eʼtibor qaratgan. Jumladan, Qonunchilik palatasi saylovi boʻyicha deputatlikka nomzodlar orasida jami 11 nafar va mahalliy kengashlar saylovi boʻyicha deputatlikka nomzodlar orasida 605 nafar nogironligi boʻlgan shaxslar mavjud. Bunday yuqori darajadagi inklyuzivlik birinchi marotaba kuzatilmoqda.
Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati materiallari asosida tayyorlandi.
