Nukus shahridagi kafelarning birida oʻrtoqlari bilan spirtli ichimlik ichgan chimboylik Ye.K. u yerdan ancha kayfi oshgan holda chiqdi. Uyiga qaytish uchun taksi kompaniyasiga qoʻngʻiroq qilib, hali-beri taksidan darak boʻlmagani uchun shu atrofda biroz tentirab yurdi.

Xuddi oʻsha payt kafe avtoturargohiga kelib toʻxtagan Kobalt avtomashinasidan tushgan haydovchi shoshilgancha ichkariga kirib ketdi. Uning mashina eshigini qulflamasdan ketganini koʻrgan Ye.K. toʻgʻri kelib, avtoulovga oʻtirdi va uni haydab ketadi.

Oradan biroz vaqt oʻtib, tashqariga chiqqan mashina egasi oʻzining avtomobili joyida yoʻqligini koʻrib hayron boʻladi va bu haqda tezda ichki ishlar organlariga xabar beradi.

Jabrlanuvchining murojaati asosida zudlik bilan ishga kirishgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV PPX va JTSB batalʼoni xodimlari safdor S.Abdiev va I.Kumekovlar ushbu avtomashinani Nukus shahridagi koʻchalarning biridan topadi. Uni olib qochishda gumon qilingan shaxs esa, darhol qoʻlga olinib, shahar IIBga topshirildi.

Azamat PIRNIYaZOV,

“Postda” muxbiri.