Lavhamiz qahramoni talabalar bilan doimiy muloqot qilib, ularning muammo va takliflarini oʻrganadi, shikoyatlarini koʻrib chiqadi. Ular tomonidan jinoyat va huquqbuzarlik sodir etilishining oldini olish maqsadida targʻibot-tashviqot ishlarini olib boradi.
Yaqinda Anvar (ismlar oʻzgartirildi) doʻsti Sanjarning onlayn oʻyinlarga qiziqib qolganini, darsga eʼtibori kamayganini, hatto baʼzida tuni bilan oʻyin oʻynab, ertalab mashgʻulotlarga kelmayotganini aytib qoldi. Surayyo holatni tahlil qilib, shuncha talaba ichidan aynan bittasi bilan mazkur masalada suhbatlashish, unga tanbeh berish oʻrinli boʻlmaydi degan qarorga keldi. Shuning uchun boshqa mutaxassis xodimlar ishtirokida targʻibot tadbiri tashkil qilindi.
Tadbirda internet firibgarlariga aldanib qolganlar taqdiri aks etgan videolavha namoyish etildi. Xodimlar jinoyat olamida kibertahdidlarning salmogʻi koʻpayib borayotganini taʼkidlab, yoshlarga ogohlikka chaqiruvchi targʻibot materiallarini tarqatishdi. Surayyo xuddi Sanjarning ahvoliga oʻxshash vaziyatni misol keltirib, oqibati xayrli boʻlmaganini aytdi. Keyingi kunlarda bu talabani uning oʻziga bildirmay kuzatdi. Targʻibotlar ish berib, Sanjar internet oʻyinlariga tobelikdan qutuldi.
Universitetda tahsil oladigan talabalarning koʻpchiligini qizlar tashkil etadi. Ularning anchaginasi yotoqxonada istiqomat qiladi. Surayyo ota-onasidan uzoqda yashab, oʻqiydigan qizlarning shaʼni, or-nomusini asrash, ularning haq-huquqlarini himoya qilishga alohida eʼtibor qaratadi. Hatto kechki paytlarda talabalar yotoqxonasiga borib, ularga yoʻl-yoʻriq koʻrsatadi, maslahat beradi.
Talabalar oʻrtasida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida ularning huquqiy madaniyatini yuksaltirish masalasi ham lavhamiz qahramonining doimiy diqqat markazida.
Mahliyo XOLOVA,
oʻz muxbirimiz.
Navoiy viloyati.
