Fargʻona viloyati Toshloq tumanida talonchilik jinoyatini sodir etgan shaxslar qoʻlga olindi. Bu haqda viloyat IIB Axborot xizmati xabar berdi.

Maʼlum boʻlishicha, joriy yilning 21-yanvar kuni soat 15:00 larda “Spark” rusumli avtomashinada harakatlanib kelayotgan ikki kishi “Zarkent” mahalla fuqarolar yigʻini hududida “Matiz” rusumli avtomashinani boshqarib ketayotgan Z.S.ga toʻxtash ishorasini berib toʻxtatishadi.

Ikki mashina ham yoʻl chetiga toʻxtagach, “Spark”dagilar “Matiz” haydovchisini urib, narxi 500 ming soʻmlik uyali telefon apparatini tortib olishadi va hodisa joyidan yashirinishadi.

Mazkur holat yuzasidan Toshloq tumani IIB huzuridagi tergov boʻlinmasi tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Olib borilgan surishtiruvlar davomida “Spark”dagi zoʻravonlar shaxsiga aniqlik kiritildi. Talonchilikda gumonlanayotgan ushbu shaxslarga “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

Abduvosit SIDIQOV,

“Postda” muxbiri.

Fargʻona viloyati.