Urganch shahrida yashovchi T.M. tanishi, Urganch tumanidagi Mevazor mahallasida yashovchi P.D.ning ishonchiga kirib, uni oʻz “tuzogʻi”ga ilintirdi.
Dastlab u 2021-yilning yanvar oyida tadbirkorlik bilan shugʻullanishini aytib, undan 20 million soʻm pul qarz oldi. Keyinchalik turar joy qurish uchun yer maydoni borligini aytib, uning yana 70 million soʻm pulini qoʻlga kiritdi. Harom luqma yeyishga odatlangan bu kimsa P.D.ning “Malibu-2” rusumli avtomashinasini ham 20.000 AQSh dollariga sotib yubordi va uni boshqa avtomashina olib berishga ishontirdi. Xullas, yillar oʻtsa-da, T.M. vaʼdasida turmadi. Tanishining xurmacha qiliqlaridan toqati-toq boʻlgan P.D. oxiri ichki ishlar organlari xodimlariga murojaat qilishga majbur boʻldi.
Ayni kunda mazkur holat yuzasidan T.M.ga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Xudoybergan JABBOROV,
oʻz muxbirimiz.
Xorazm viloyati.
