Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatrida “Namunali mahalla huquq-tartibot maskani” koʻrik-tanlovining viloyat bosqichi boʻlib oʻtdi. Tantanali tadbirda viloyat hokimligi, ichki ishlar organlari masʼul xodimlari, mahalla faollari, jamoat tashkilotlari vakillari, tanlovning shahar-tuman bosqichi gʻoliblari ishtirok etdi. 

Tanlovning yakuniy natijalariga koʻra, “Namunali mahalla huquq-tartibot maskani” nominasiyasida Chiroqchi tumani “Mustaqillik” mahallasidagi 6-sonli mahalla huquq-tartibot maskani (profilaktika inspektori, kapitan Jasur Jumayev) gʻolib deb topildi. Navbatdagi sovrinli oʻrinlar esa Qarshi shahri “Oydin” mahallasidagi 1-sonli mahalla huquq-tartibot maskani (profilaktika inspektori, katta leytenant Asqar Mamatov) va Kitob tumani “Paxtaobod” mahallasidagi 3-sonli mahalla huquq-tartibot maskani (profilaktika inspektori, katta leytenant Yigitali Gʻaniev)ga nasib etdi. 

Tanlovning “Eng faol sektor rahbari” nominasiyasida Mirishkor tumani Ichki ishlar boʻlimi boshligʻi, podpolkovnik Musurmon Boʻriyev tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuqori baholanib, gʻoliblik diplomi va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.  

Bundan tashqari, “Eng faol profilaktika inspektori”, “Eng faol mahalla fuqarolar yigʻini raisi”, “Eng faol hokim yordamchisi”, “Eng faol xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektor”, “Eng namunali xotin-qizlar faoli”, “Eng faol yoshlar yetakchisi”, “Eng faol voyaga yetmaganlar masalasi boʻyicha inspektor-psixolog”, “Eng faol probasiya xizmati inspektori”, “Eng faol YPX inspektori”, “Eng faol PPX inspektori” kabi 11 ta nominasiya boʻyicha gʻoliblar ham aniqlandi.

Koʻrik-tanlov gʻolib va sovrindorlari diplom, qimmatbaho sovgʻa hamda pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

Suhrob QALANDAROV,

safdor.

Qashqadaryo viloyati.