Poʻlat BOBOJONOV,

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri,

genaral-leytenant.


Keyingi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Ichki ishlar vazirligi tizimida tub islohotlar amalga oshirildi. Pirovardida, vazirlik, tom maʼnoda, xalqchil tuzilmaga aylandi. Oʻz navbatida, tizim faoliyatini yanada jonlantirish, islohotlarga hamohang ruhda shakllantirish borasida oldimizda muayyan vazifalar turibdi.

Prezidentimizning 12 fevral kuni Ichki ishlar vazirligiga tashrifi va ilk bor vazirlik hayʼatining kengaytirilgan yigʻilishida ishtirok etishi barcha hamkasblarimizga bildirilgan ishonch ifodasi boʻlib, zimmamizga juda katta masʼuliyat yuklaydi, xizmat faoliyatimizda yangi sahifa ochib, tub burilish yasaydi.

Davlatimiz rahbari oʻz maʼruzasida tizimda amalga oshirilayotgan ishlar-ni chuqur tanqidiy tahlil qilib, mamlakatimizda tinchlik-xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha eng dolzarb va muhim masalalarga toʻxtalib oʻtdi.

Oʻtgan 4 yilda bevosita ichki ishlar organlari tizimini takomillashtirish bilan bogʻliq 180 ta qonun, Prezidentimizning farmon va qarorlari, hukumat meʼyoriy-huquqiy hujjatlari qabul qilindi. Bu bilan ichki ishlar organlarida har bir sohaviy xizmat tubdan takomillashtirildi.

Ichki ishlar organlari tuzilmasi hamda kuch-vositalarning taqsimlanishi qayta koʻrib chiqilib, eng olis qishloqlarda ham aholiga xizmat koʻrsatish maqsadida 85 foizgacha shaxsiy tarkib quyi tizimga tushirildi. Buning uchun 314 ta yangi ichki ishlar boʻlinmasi tashkil etildi. 

Tizimda kadrlar salohiyatini oshirish, yangilikka intiluvchan va zamonaviy fikrlaydigan xodimlarni sohaga tayyorlash maqsadida “Temurbeklar maktabi” va ixtisoslashgan maktab-internat hamda barcha hududlarda akademik litseylar ish boshladi. Hozirgi zamon talabidan kelib chiqqan holda, xavfsiz turizmni taʼminlash, probatsiya, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishga ixtisoslashgan yangi boʻlinmalar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Qator xorij mamlakatlari bilan ilmiy tajriba almashilib, 40 ga yaqin davlatlar ishtirokida muvofiqlashtiruvchi kengashlar tuzildi, ikki tomonlama hamkorlik oʻrnatildi.

Tizimning moddiy-texnik bazasi ham mustahkamlandi. Xususan, zamonaviy maxsus texnikalar, kompyuter, aloqa va transport vositalari olinib, yangi maʼmuriy binolar qurildi. Xodimlarning xizmat qilishi uchun qulay sharoitlar yaratilib, ularning ijtimoiy himoyasi kuchaytirildi.

Davlatimiz rahbari tomonidan berilgan eʼtibor samarasida jinoyatchilikni jilovlash borasida huquq-tartibot idoralarining oʻzaro hamkorlikdagi ishlari yangi bosqichga koʻtarildi. Hududlarda respublika darajasidagi huquq-tartibot idoralari, xususan, ichki ishlar, milliy gvardiya, sud va prokuratura organlari rahbarlarining birgalikdagi sayyor yigʻilishlari oʻtkazilishi, mavjud muammolarni bartaraf etish boʻyicha aniq vazifalar belgilanishi yaxshi anʼanaga aylandi.

Soʻnggi toʻrt yil mobaynida aholi soni 2 milliondan ortiqqa koʻpaygan boʻlsa, hamkorlikdagi ishlar natijasida shu davr mobaynida jinoyatlar soni deyarli 12 mingtaga kamaydi. 

Agar 2017 yilda mahallalarning 13 foizida bironta ham jinoyat sodir etilmagan boʻlsa, “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida ishlarning yoʻlga qoʻyilishi va samarali hamkorlik natijasida 2020 yilga kelib, jinoyat qayd etilmagan mahallalar soni 50 foizga yetdi.

Ilgari jinoyatchilik koʻrsatkichi avvalgi yil bilan solishtirilib, jinoyat soni oshdi yoki kamaydi, deb raqamlar orqali vaziyatga baho berilardi. Hozir jinoyatchilikka qarshi kurashishda raqam ortidan quvishga emas, balki jinoyatchilikning asl sabablari-ni bartaraf etish orqali fuqarolar haq-huquqlarini himoya qilishga asosiy eʼtibor qaratilmoqda.

Lekin tizimda bir qator muammoli masalalar saqlanib qolayotgani ham Prezidentimiz eʼtiboridan chetda qolmadi. Bu jihatlar vazirlik hayʼatining kengaytirilgan yigʻilishida tanqidiy-tahlil asosida muhokama qilindi va oldimizda turgan ustuvor vazifalar belgilab berildi. 

Eng avvalo, bundan buyon ish uslubimiz va natijalarimiz “mahallabay” tizimida amalga oshirilishi boʻyicha aniq topshiriqlar berildi. Endilikda jinoyatlar respublika yoki viloyatlar darajasida emas, “mahallabay” tarzda tahlil qilinadi.

Mahalla, tuman va shaharlar kriminogen vaziyatdan kelib chiqib “qizil”, “sariq”, “yashil” toifaga boʻlinadi va mahalladagi jinoyat oʻchoqlari aniqlanadi hamda ularni keltirib chiqaruvchi omillar tahlil qilinib, shu yoʻnalishda aniq, maqsadli ishlar olib boriladi.

Eng koʻp jinoyatlar sodir etilgan mahallalarda qoʻshimcha profilaktika inspektorlari, tezkor vakil, patrul-post va yoʻl-patrul xizmati xodimlaridan iborat alohida ichki ishlar boʻlinmalari tashkil etiladi. Kriminogen vaziyat murakkab mahallalarga kuch-vositalar qayta taqsimlanib, bevosita “jinoyat oʻchoqlari” bartaraf etib boriladi. 

Tahlillarga koʻra, aksariyat jinoyatlar oilalardagi ijtimoiy-maishiy muammolar va oʻzaro nizoli masalalar oʻz vaqtida yechimini topmagani tufayli sodir etilmoqda. Biroq bugungi kunda eʼtibor qaratishimiz lozim boʻlgan aholi qatlami bilan jinoyatchilikning oldini olish borasida yagona axborot almashinuv tizimi mavjud emas.

Kelgusida “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” negizida mahallalar kesimida aniq maʼlumotlar bazasi yaratiladi. Bu esa har bir muammoli shaxs bilan yakka tartibda manzilli ishlash imkonini beradi va oʻz-oʻzidan jinoyatchilikning oldini olishga xizmat qiladi. Bir soʻz bilan aytganda, nizoli shaxslarni yarashtirish, ayollarga maʼnaviy va psixologik yordam koʻrsatish, ishsizlar bandligini taʼminlash, yaʼni muammoga qarab manzilli ishlash tizimi taʼminlanadi. 

Yigʻilishda Prezidentimiz jinoyatchilikni jilovlash borasida huquq-tartibot idoralarining hamkorlikdagi ishlari samaradorligini yanada oshirish, bu sohada yagona markazlashgan tizimni joriy etish maqsadida “2021-2023 yillarda jamoat xavfsizligini taʼminlash konsepsiyasi”ni ishlab chiqish topshirigʻini berdi.

Davlatimiz rahbari quyi tizimlarda ishni toʻgʻri tashkil etish, bu masalaga ilmiy yondashuvni tatbiq etish maqsadida ichki ishlar vazir-ligi qoshida Ilmiy-amaliy tadqi-qotlar markazi faoliyatini yoʻlga qoʻyish taklifini bildirdi. Albatta, ilmiy yondashuv asosida boshqaruvning yagona tizimi hamda jinoyatchilikka qarshi kurash sohasida yaxlit va samarali ish metodikasi yaratilishi ichki ishlar organlarida professional xizmatni shakllantiradi.

Prezidentimiz oʻz maʼruzasida ichki ishlar organlariga intellektual salohiyatli, professional kadrlar tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish masalasiga ham alohida toʻxtalib oʻtdi.

Bugun hayotimizning barcha jabhalariga yangi texnologiyalar kirib kelmoqda va bu xodimlardan har kuni oʻz ustida ishlashni, bilimini oshirishni talab etadi. Albatta, xalq manfaatlari yoʻlida xizmat qilayotgan har bir xodim, avvalo, oʻz bilimi, maʼnaviy-axloqiy sifatlari va dunyoqarashi kengligi bilan ajralib turishi kerak.

Tan olib aytish kerak, islohotlar surʼatiga va yangicha ish uslubiga moslasha olmayotgan, hamon eskicha fikrlaydigan xodimlar ham uchrab turibdi. Ayrim xodimlar-ning noqonuniy xatti-harakatlari odamlarning asosli noroziliklariga ham sabab boʻlayotgan holatlar bor. Biz bunday holatlarning barchasini chuqur oʻrganib, tekshiruvlar oʻtkazamiz va, albatta, aybdorlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda jazo choralari koʻriladi. 

Safimizni bunday xodimlardan tozalash va ularning oʻrnini vatanparvar, xalq osoyishtaligi yoʻlida halol xizmat qiladigan, sadoqatli kadrlar bilan toʻldirish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. 

Kelgusida xodimlarda kasbiy bilim va amaliy koʻnikmalarni shakllantirish, ular tomonidan fuqarolarga sifatli, professional xizmat koʻrsatilishini taʼminlash maqsadida, kadrlarni tayyorlash, oʻqitish va malaka oshirish borasida ham butunlay yangi tizim asosida ish tashkil etiladi. 

Jinoyatchilikni jilovlash orqali xalqimizni rozi qilish borasida masʼuliyat va shaxsiy javobgarlikni his qilgan holda, faoliyatimizni takomillashtirib borib, xodimlarning ishga boʻlgan munosabatini tubdan oʻzgartirishga, oʻz kasbiga vijdonan yondashib, sadoqat bilan xizmat qilishiga alohida eʼtibor qaratamiz.

Prezidentimiz oldimizga qoʻygan barcha vazifalar yurtdoshlarimizning kundalik turmushi, tinch-osoyishta hayotini taʼminlash bilan bevosita bogʻliq boʻlib, bu topshiriqlarning ijrosi soʻzsiz taʼminlanadi. Faoliyatimizni, albatta, xalqimiz kutgan va davlatimiz rahbari talab qilgan darajaga yetkazamiz.