Ayni kunlarda respublika huquqni muhofaza qiluvchi organlar masʼullaridan iborat ishchi guruh Jizzax viloyatida boʻlib, joriy yilning 

27-oktabrida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatligi uchun oʻtkaziladigan saylovlar, shuningdek, turarjoylar va ijtimoiy-iqtisodiy soha obʼekt­larining kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishyapti. Chunonchi, ishchi guruh tarkibida boʻlgan Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari, polkovnik Ramazon Ashropov saylov komissiyalari va uchastkalarida siyosiy tadbirni oʻtkazish uchun yaratilgan sharoitlarni oʻrganmoqda. 

Bunda asosiy eʼtibor saylov arafasida hamda ovoz beriladigan kuni jamoat tartibi va yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, mavjud 553 ta saylov uchastkasiga kuzatuv qurilmalarining oʻrnatilishi, aholini qiynayotgan muammolarni hal qilishga qaratilayotir. Ayni maqsadda viloyat ichki ishlar boshqarmasida hokimlik, sektorlar rahbarlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar masʼullari va profilaktika inspektorlari ishtirokida yigʻilish tashkil qilindi.

Yigʻilishda saylovga tayyorgarlik koʻrish, xavfsizlik va jamoat tartibini taʼminlash shtabi hamda joylarda tuzilgan ishchi guruhlar aʼzolari va profilaktika inspektorlari tomonidan amalga oshirilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlarga toʻxtalib oʻtildi. Shuningdek, aholi turar joylari va ijtimoiy soha obʼektlarini kuz-qishga tayyorlash, yonilgʻi-energiya resurslaridan foydalanish ustidan davlat nazoratini tashkil etish, energiya manbalari zaxiralarini yaratish, tabiiy va suyultirilgan gaz, koʻmir va issiqlik energiyasini uzluksiz yetkazish masalalari ham koʻrib chiqildi. 

Bundan tashqari, vazir oʻrinbosari iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obʼektlari va koʻp kvartirali uy-joy fondini 2024–2025-yillar kuz-qish davriga tayyorlash ishlarini muvofiqlashtirish hududiy shtablari, taʼlim, sogʻliqni saqlash muassasalari hamda qozonxonalarda boʻlib, qishga tayyorgarlik ishlari sifatini tekshirmoqda. Oʻz navbatida, aniqlangan kamchiliklar bartaraf qilinayotir.

Alijon ABDUSATTOROV, 

oʻz muxbirimiz.

Jizzax viloyati.