Soʻnggi yillarda yurtimizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarning muhim yoʻnalishlaridan biri taʼlim tizimini tubdan isloh etish va uning uchun qulay shart-sharoit va imkoniyatlar yaratishdan iboratdir. Mazkur tizimga qaratilgan bunday eʼtibor mamlakatimiz taraqqiyoti va barqaror kelajakning garovi sanaladi. Yurtimizda boshlangan konstitutsion islohotlar bu yoʻldagi muhim qadam hisoblanadi.

Masalan, Asosiy qonunimizning taʼlimga taalluqli 41-moddasini quyidagicha tahrirda qabul qilish taklif etilyapti: “Davlat maktabgacha taʼlim va tarbiyani rivojlantirishga koʻmaklashadi. Davlat har bir bolaning umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlariga oʻqishga kirishi uchun majburiy bir yillik tayyorgarlikdan oʻtishga boʻlgan huquqini kafolatlaydi. Bepul umumiy oʻrta taʼlim olish davlat tomonidan kafolatlanadi. Umumiy oʻrta taʼlim majburiydir. Maktab ishlari, maktabgacha taʼlim va tarbiya davlat nazoratida boʻladi. Taʼlim boʻyicha alohida ehtiyojlarga va individual imkoniyatlarga ega boʻlgan bolalar uchun taʼlim tashkilotlarida inklyuziv taʼlim va tarbiya tashkil etiladi. 

Davlat isteʼdodli yoshlarning moddiy ahvolidan qatʼi nazar, taʼlimni davom ettirishini kafolatlaydi. Davlatga qarashli, xususiy va boshqa shakldagi taʼlim muassasalari hamda tashkilotlarini rivojlantirish uchun davlat teng shart-sharoitlar yaratadi...”

Bu esa taʼlimning barcha turlarini rivojlantirishga hamda maʼrifat, ilm-fan taraqqiyotiga zamin hozirlab beradi. Konstitutsiyamizga kiritiladigan bunday oʻzgartish va qoʻshimchalar mamlakatimiz ilm-fani va maʼrifatining yuksalishiga xizmat qilishi shubhasiz.  

Asrorjon SATTOROV,

Oʻzbekiston Respublikasi

Jamoat xavfsizligi universiteti dotsenti,

mayor.