Navoiy viloyatining barcha shahar-tumanlaridagi “qizil” toifaga kiritilgan mahallalarga “Targʻibot karvoni” uyushtirilishi rejalashtirildi. Dastlab tadbirga jalb etilgan viloyat IIB PPX va JTSB, Karmana tumani IIB xodimlari hamda jamoatchilik vakillaridan iborat shakllantirilgan guruhlar bilan yoʻriqnoma oʻtkazildi. 

Shundan soʻng “Targʻibot karvoni” aʼzolari Karmana tumanidagi “qizil” toifaga kiritilgan 17 ta mahalla hududida fuqarolar xavfsizligini taʼminlash borasida sohaviy xizmatlar xodimlari bilan hamkorlikda keng qamrovli tadbirlar oʻtkazishdi. Jumladan, fuqarolar hushyorlik va sergaklikka daʼvat etildi. Manzilli targʻibot tadbirlari davomida xonadonlar, umumiy ovqatlanish shoxobchalari va savdo doʻkonlariga kirilib, hududiy profilaktika inspektori hamda tuman IIB rahbariyatining telefon raqamlari yozilgan tashrif qogʻozlari, ogohlikka chaqiruvchi targʻibot bukletlari tarqatildi.  

Profilaktik tadbirlar jarayonida asosiy eʼtibor mahallalarda jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, aholining ijtimoiy muammolarini oʻrganish, tungi vaqtlarda fuqarolar osoyishtaligini taʼminlashga qaratildi. Shuningdek, aholi oʻrtasida oʻz yashash xonadonida yongʻin xavfsizligi qoidalariga, koʻchada yoʻl harakati qoidalariga hamda karantin talablariga amal qilishlari lozimligi yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi. Mahalla hududiga kelib-ketayotgan shubhali shaxslarni koʻrganda yoki nojoʻya holatlarning guvohi boʻlganda, darhol IIBga xabar qilish kerakligi eslatildi.  Targʻibot tadbirlari davom etmoqda.

Mahliyo XOLOVA,

“Postda” muxbiri.

Navoiy viloyati.