Vatanimiz hududida ilk davlat birlashmalari vujudga kelishi bilan ularning chegaralarini tashqi dushmandan himoyalash, aholining tinchligini taʼminlash, kishilar oʻrtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarda tartib oʻrnatish, shahar-qalʼalarni qoʻriqlash zaruriyati ham tugʻilgan, bu esa oʻz navbatida muayyan aniq vazifalarga ega boʻlgan tartib oʻrnatuvchi tuzilmalarning vujudga kelishiga toʻrtki boʻlgan.

Jumladan, miloddan avvalgi I mingyillikda Oʻrta Osiyoda keng tarqalgan zardushtiylik dinining muqaddas kitobi «Avesto»da davlatchilik, siyosiy-huquqiy gʻoyalar, odamlar oʻrtasidagi mulkiy, nikoh va oila munosabatlarini tartibga soluvchi ijtimoiy normalar, jinoyat va jazo, sud va sud amaliyoti masalalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar keltirilgan. 

Maʼlumot uchun: mil.avv. II ming yillik oʻrtalarida Oʻrta Osiyo hududida keng tarqalgan Zardushtiylik dinining muqaddas kitobi. «Avesto» 21 kitobdan iborat boʻlgan. Abu Rayhon Beruniyning «Oʻtmish xalqlardan qolgan yodgorliklar» kitobida taʼkidlanishicha, Eron shohi Doro davrida 12 ming qora mol terisiga zarhal xarflar bilan bitilgan. Vatanimizda «Avesto»ning 2700 yilligi nishonlanishi munosabati bilan u ilk bor oʻzbek tiliga tarjima qilinib, 2001 yilda nashr etildi.

«Avesto»da jinoyat uchun jazoning maʼlum tizimi belgilangan: oʻlim jazosi, qamoq, jismoniy jazo (kaltaklash), gunohni yuvish (yetkazilgan zararni qoplash), badargʻa qilish, qondoshlik oʻchi. Takroriy jinoyatlar haqida ham toʻxtalib, ular uchun yanada ogʻirroq jazo belgilanadi. Shuningdek, sud masalalariga eʼtibor berilib, odil sudlov uchun maxsus moʻljallangan shaxslar haqida maʼlumot beriladi.

Jinoyat turlari quyidagicha tizimlashtirilgan:

- dinga qarshi jinoyatlar (bidʼat, boshqa din vakili bilan nikohga kirish, ruhoniyning vazifasini gʻayriqonuniy bajarish, dahriylik (ateizm);

- axloqqa qarshi jinoyatlar (qasddan yoki jazava holatida hujum qilish, tahdid qilish, shifokorning ziyon yetkazuvchi harakati, homilani nobud qilish, regul va homiladorlik paytida ayolning sogʻligʻiga zarar yetkazish);

- shaxsga qarshi jinoyatlar (qasddan odam oʻldirish, badanga ogʻir va yengil tan jarohatlarini yetkazish);

- mulkiy jinoyatlar (oʻgʻirlik, talon-toroj, xasislik, bosqinchilik, firibgarlik, olingan qarzni qaytarmaslik);

- hayvonlarga qarshi jinoyatlar (hayvonlarni oʻrinsiz nobud qilish, uy hayvonlarini tahqirlash);

- tabiat kuchlariga qarshi jinoyatlar (yer, suv, havo, olov va oʻsimlik dunyosiga zarar yetkazish).

«Avesto»da takroriy jinoyatlar haqida ham toʻxtalib, ular uchun yanada ogʻirroq jazo belgilangan. Shuningdek, «Avesto» matnlarida sud masalalari, odil sudlov uchun masʼul boʻlgan shaxslar haqida ham maʼlumotlar uchraydi.

Aziza JONIYEVA tayyorladi.